“Yandex” kompaniyasi dasturlash bo‘yicha “Yandex Cup” chempionatiga arizalar qabul qilmoqda.
Unda o‘zbekistonliklar ham quyidagi 6ta yo‘nalish bo‘yicha ishtirok etishlari mumkin:
- Frontend;
- Tahlil;
- Backend;
- Mobil dasturlash;
- Mashinali o‘rganish;
- Algoritm (sport dasturlash).
Musobaqaning sovrin jamg‘armasi 7,8 mln rublni ($81,2 ming) tashkil etib, uch bosqichda o‘tkaziladi.
Xususan, birinchi saralash bosqichi 23−29 oktabr kunlari o‘tkazilib, unda bir nechta yo‘nalishlar bo‘yicha ishtirok etish mumkin hamda g‘oliblar 4-noyabrda o‘tkaziladigan yarim finalga yo‘llanma olishadi.
Yarim finalda faqat bitta yo‘nalish bo‘yicha ishtirok etish mumkin. Bu bosqichda har bir yo‘nalish bo‘yicha yuqori ko‘rsatkich qayd etgan eng yaxshi 20ta ishtirokchi esa 2−3 dekabr kunlari Olmaotada bo‘lib o‘tadigan finalda qatnashishadi.
Final va taqdirlash marosimi “Yandex"ning Qozog‘istondagi ofisida o‘tkazilib, finalchilarga yo‘l va turar joy xarajatlari qoplab beriladi.
Yakunda har bir yo‘nalishdan alohida go‘lib aniqlanib, quyidagicha pul mukofoti bilan taqdirlanadi:
- 1-o‘rin uchun — 500 ming rubl ($5200);
- 2-o‘rin uchun — 250 ming rubl ($2600);
- 3-o‘rin uchun — 200 ming rubl ($2080);
- 4-o‘rin uchun — 150 ming rubl ($1560);
- 5-o‘rin uchun — 100 ming rubl ($1040).
Biroq bunda, mobil dasturlash hamda mashinali o‘rganish yo‘nalishlarida uchta o‘rin bo‘yicha taqdirlanadi: 1-o‘rin — 500 ming rubl, 2-o‘rin — 150 ming rubl hamda 3-o‘rin — 100 ming rubl.
Musobaqada ishtirok etish uchun joriy yilning 29-oktabrigacha havola orqali ro‘yxatdan o‘tish kerak. Batafsil ma’lumot bu yerda.