Joriy yilning avgust oyi boshida “Toshkent” aeroportida uchta taksi xizmatini ishga tushirish bo‘yicha auksion e’lon qilingandi.

“Uzbekistan Airports” boshqaruv kompaniyasi E-auksion.uz platformasida mazkur uchta lotni qayta joylashtirdi. Bu haqda kompaniya matbout xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, birinchi auksionlar buyurtmachi tomonidan texnik shartlarga qo‘shimcha va tushuntirishlar kiritilgani sabab o‘tkazilmagan. Eski lot e’lonida qayd etilishicha, boshlang‘ich bahoga QQS kiritilmagani uchun auksion bekor qilingan.

Taksi operatorlari Toshkent xalqaro aeroportning umumiy uchish zali, CIP uchib kelish zali hamda mahalliy aviaqatnovlar terminalining kelish zali uchun alohida tanlanadi. Har bir lot bo‘yicha belgilangan narxlar quyidagicha:

Barcha lotlar uchun texnik shartlar belgilangan bo‘lib, kompaniyalar ularga rioya qilishlari majburiy hisoblanadi. Texnik topshiriqlar bajarilmagan taqdirda, auksion g‘olibi bilan shartnoma tuzilmaydi.

Xususan, ariza beruvchi kompaniya ishlab chiqarilganiga uch yildan oshmagan, benzinda harakatlanuvchi yoki elektromobillar parkiga ega bo‘lishi kerak. Kompaniya o‘zbek, rus va ingliz tillaridan boshlang‘ich bilimga ega malakali haydovchilarni rasman ishga olishi shart.

Shuningdek, avtomobillar brendlangan bo‘lishi va haydovchilar maxsus forma kiyishlari kerak. Kompaniya yo‘lovchilarga barcha to‘lov shakllari — naqd pul, mahalliy va xorijiy to‘lov tizimlarining bank kartalari bilan to‘lash imkoniyatini ta’minlashi zarur.

Uchta lot bo‘yicha arizalarni joriy yilning 3-oktabr kuni, soat 09:00gacha jo‘natish mumkin. Savdolar shu kuni, soat 10:00 da o‘tkaziladi.

Har bir lot havolasida batafsil ma’lumotlar keltirilgan. Auksionda texnik topshiriqda ko‘rsatilgan talablarga javob beradigan kompaniyalar ishtirok etishi mumkin.


Avvalroq ikki haftalik rekonstruksiyadan keyin sentabr oyi boshida “Toshkent-3” mahalliy aviaqatnovlar terminali old qismi qayta ochilgandi.