“Amirsoy” tog‘-chang‘i kurorti infratuzilma loyihalariga 40 mln yevrogacha sarmoya kiritmoqchi. Bu haqda kurort bosh direktori Saidvali Saidxo‘jayev “Kapital.kz” nashriga bergan intervyusida qayd etdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, dastlab kurort infratuzilmasi chang‘i mavsumida kuniga 2 ming sayyohga mo‘ljallangan edi. O‘tgan yili Amirsoyga 5 ming kishi tashrif buyurgan bo‘lsa, joriy qish mavsumida kunlik oqimi 10 ming kishini tashkil etishi kutilmoqda.
Qayd etilishicha, dam olish maskanini rivojlantirishga 130 mln yevrolik sarmoya kiritilishiga qaramay, yaratilgan infratuzilma talabni qondirish uchun yetarli emas. Xususan, MDH davlatlari, BAA, Janubiy Koreya va AQShdan kelgan xorijiy mehmonlar tufayli bu talab ortib bormoqda.
“Shuning uchun biz yanada faolroq kengaytirishni rejalashtirmoqdamiz — trassalarni bir-ikki kilometrga uzaytirish, yangi osma yo‘llarni ishga tushirish, frirayd yo‘llarini qurish, bu yo‘nalishda bizda katta talab bor, qo‘shni „Beldersoy“ kurorti bilan kanatlarni birlashtirish. Bizga shunchaki besh yil ichida bunday kengayish kerak”, — dedi kurort rahbari.
Barcha rejalashtirilgan infratuzilma loyihalari qiymati 30 dan 40 mln yevrogacha baholanmoqda. Bundan tashqari, “Amirsoy” tomonidan 350 o‘rinli 4 va 5 yulduzli mehmonxonalar qurilishi tez orada yakuniga yetkaziladi.
“G‘arbiy Amirsoy” loyihasi doirasida kanat yo‘llari, 16,8 km uzunlikdagi chang‘i yo‘lakchasi, 2400 o‘rinli to‘rtta restoran va 500 o‘rinli ko‘p qavatli avtoturargoh barpo etiladi.
Shuningde, Saidxo‘jayev akvapark va uzunligi 2 km ga yaqin ziplayn qurish rejalari haqida ham qayd etdi.
Joriy yilning iyun oyida O‘zbekiston, Qozog‘iston va Rossiyaning tog‘ kurortlari vakillari “Rosa Xutor-Shimbuloq-Amirsoy” davlatlararo turistik tog‘ yo‘nalishini yaratishga kelishib olgandi.
Mazkur mamlakatlarning tog‘ kurortlari rahbarlari Yevroosiyo tog‘ kurortlari alyansini tuzish to‘g‘risidagi memorandumni imzoladi.
O‘tgan yilning may oyida mamlakatlar o‘rtasida sayyohlik oqimini oshirish maqsadida “Amirsoy” va “Rosa Xutor” tog‘li oromgohlari o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolangandi.