OTMlarda to‘lov-kontrakt mablag‘larini to‘lash muddati uzaytirildi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbot xizmati ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, 2023−2024 o‘quv yilida 1-kursga tavsiya etilgan talabalar kontrakt to‘lovlarini 15-oktabrgacha amalga oshirishlari mumkin.

Bunda, OTMlarning bakalavriat va magistraturasiga to‘lov-kontrakt hamda super-kontrakt asosida talabalikka tavsiya etilgan abituriyentlar o‘qishi uchun to‘lov haqini mazkur muddatgacha to‘lashlari mumkin.

“Davlat komissiyasining tegishli bayoni bilan, ko‘pchilik abituriyentlar va ularning ota-onalari hamda oliy ta’lim muassasalari rektorlarining murojaatlarini inobatga olib” mazkur qarorga kelingani qayd etilgan vazirlik xabarida.

Amaldagi tartibga ko‘ra, ikkinchi va undan yuqori bosqich talabalarning kontrakt pulini to‘lash muddati OTM rahbarining buyrug‘i bilan uzaytirilishi mumkin.

Joriy o‘quv yilida davlat OTMlarining barcha bosqich talabalari uchun to‘lov-kontrakt miqdorlari oshirilmaydi. Shuningdek, tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt miqdorlari ham o‘tgan o‘quv yili uchun belgilangan miqdorlarda o‘zgarishsiz qoladi.

To‘plagan ballari tasdiqlangan qabul parametrlari chegarasiga yetmagan, lekin super-kontrakt asosida tahsil olish istagini bildirgan abituriyentlarga, istisno tarzida shartnomalar rasmiylashtirishga hamda bir yillik o‘qitish qiymatining 50%ini to‘laganlarni talabalar safiga qabul qilishga ruxsat berildi.

Tasdiqlangan super-kontrakt qiymatini joriy yilning 15-oktabrigacha to‘liq to‘lagan abituriyentlar uchun 10% miqdorida chegirma taqdim etiladi.

Talabalikka tavsiya etilmaganlar ro‘yxatdan o‘tishda tanlangan barcha yo‘nalishlaridan birida super-kontrakt asosida o‘qishlari mumkin.