“Microsoft” barcha sun’iy intellekt ishlanmalarini yagona nom — “Microsoft Copilot” nomi ostida birlashtirdi, deya xabar bermoqda “vc.ru” nashri.
Kompaniyaning Nyu-Yorkdagi taqdimotida ma’lum qilinishicha, bular qatorida “GitHub” platformasi, “Microsoft 365” mahsulotlari, “Edge” brauzeri va “Bing” qidiruv tizimi mavjud.
Qayd etilishicha, “Microsoft Copilot” “sun'iy intellekt sherigi” bo‘lib, mustaqil dastur va funksiya sifatida sichqonchaning o‘ng tugmachasini bosish yoki tezkor chaqiruv buyrug‘i orqali foydalanish mumkin bo‘ladi.
Birinchi “Copilot” funksiyalari joriy yilning 26-sentabrida taqdim etilishi belgilangan “Windows 11"da bepul yangilanish bilan paydo bo‘ladi. Chatbotdagi sun’iy intellekt matn va ovoz bilan boshqarilishi mumkin.
Masalan, tizimdan qorong‘u mavzuni yoqishni, “Spotify"da mos pleylistni olish uchun diqqatni jamlovchi musiqani topishni yoki ochiq oynalarni tartibga solishda undan yordam so‘rash mumkin.
Sentabr oyi boshida kompaniya “WordPad” matn muharririni qo‘llab-quvvatlashni to‘xtatishini ma’lum qildi. Unda kelgusi OS yangilanishida dastur “Windows"dan o‘chirilishi qayd etilgan.