Toshkentda o‘tkaziladigan ICPC (International Collegiate Programming Contest) dasturlash bo‘yicha xalqaro talabalar olimpiadasiga arizalar qabul qilinmoqda. Bu haqda “IT Park” matbuot xizmati xabar berdi.

Unda OTM talabalari jamoa shaklida hamda 3tagacha a’zolar bilan ishtirok etishlari mumkin.

Olimpiadaning saralash bosqichi 8-oktabr kuni “IT Park"ning mintaqaviy filiallarida bo‘lib o‘tadi. Respublika bosqichi esa 26-oktabr kuni o‘tkaziladi.

Yakuniy bosqichga bitta universitetdan ko‘pi bilan 4 ta jamoa tanlab olinadi. Musobaqa bir turda o‘tkazilib, turning davomiyligi — 5 soat.

Unda har bir jamoaga C/C++, C#, Paskal, Python va Java kompilyatorlari o‘rnatilgan bitta kompyuter beriladi.

Ishtirokchilarga tur davomida shaxsiy kompyuter, kalkulyator, elektron qayd daftarlar, aloqa vositalari tayyorlangan qayd kitobchalaridan foydalanish taqiqlanadi.

Jamoa tomonidan olib kelingan o‘quv va ma’lumotnoma adabiyotlaridan va ipc.susu.ru saytidagi ma’lumotnomalardan foydalanishga ruxsat beriladi.

Musobaqada kamida 6ta vazifani hal qilish taklif etiladi. Ushbu vazifalarning yechimi maqbul dasturlash tillaridan birida ishlab chiqilgan dasturlar bo‘lishi kerak.

Olimpiadada eng ko‘p topshiriqlarni to‘g‘ri hal qilgan jamoa g‘alaba qozonadi.

G‘olib bo‘lgan jamoalar joriy yilning 12−17 noyabr kunlari Sharm el-Shayxda o‘tkaziladigan final bosqichiga yo‘llanma olishladi.

Unda ishtirok etish uchun arizalarni 5-oktabrgacha havola orqali jo‘natish kerak.

Batafsil ma’lumot bu yerda. Olimpiada bo‘yicha savollarga javoblarni “Telegram"dagi “IT Park Cup” guruhi orqali olish mumkin.


Avvalroq “mGovAward” tanlovining uchinchi to‘lqiniga arizalar qabul qilinayotgani haqida xabar berilgandi.