“EastFruit” tahlillariga ko‘ra, so‘nggi ikki haftada O‘zbekistonda “Kishmish” uzumining o‘rtacha ulgurji narxi qariyb 17%ga oshgan.

Xususan, 8-sentabrdan 22-sentabrgacha mazkur navdagi uzumning o‘rtacha ulgurji narxi 18 ming so‘mdan 21 ming so‘mga qimmatlagan.

Narxlar oshishi bir oydan ko‘proq vaqt oldin boshlangani inobatga olinsa, 11-avgustdan 22-sentabrgacha “Kishmish” uzumi 2,1 barobarga — 10 ming so‘mdan 21 ming so‘m oshgan.

Hozirgi ulgurji narxlar va o‘tgan yillar darajasi o‘rtasidagi farq juda katta bo‘lib qolmoqda, deyiladi xabarda. O‘tgan yilning 22-sentabriga nisbatan “Kishmish” navi 2,6 barobar, 2021-yilning shu sanasiga nisbatan esa 2,3 baravarga ko‘p.

Oxirgi ikki haftada uzumning boshqa turlari ham sezilarli darajada oshdi: 8-sentabrdan 22-sentabrgacha oq uzumning o‘rtacha ulgurji narxi 38%ga, qora uzum 22%ga, qizil uzum esa 13%ga qimmatlashdi.

Narxlar o‘rganilgan sanadan ikki kun oldin, 20-sentabr kuni Qishloq xo‘jaligi vazirligi uzum narxlari oshayotgani bo‘yicha rasmiy munosabat bildirib, bozorlarda mazkur mahsulot “hamyonbop” narxlarda sotilayotganini qayd etdi.