“Openinfo” korporativ ma’lumotlar yagona portalidan ma’lumotlarni olish uchun Telegram-bot yaratildi. Bu haqda Istiqbolli loyihalar milliy agentligi matbuot xizmati xabar berdi.

Foydalanuvchilar “Openinfo Bot“ga ulanib, kerakli emitentlardan ma’lumotlarni topishi va yuklab olishi, shu bilan birga, bot orqali kerakli aksiyadorlik jamiyatiga obuna bo‘lib, hisobot, fakt hamda boshqa ma’lumotlardan xabardor bo‘lishi mumkin.

Botning asosiy menyusida “Muhim faktlar”, “Hisobotlar”, “Mening obunalarim”, “Sozlamalar” va “Murojaat qoldirish” funksiyalari mavjud. “Muhim faktlar” bo‘limida foydalanuvchi portalda e’lon qilingan so‘nggi faktlarni ko‘rishi va qidirishi mumkin.

Birorta muhim faktni tanlaganda, muhim faktni oshkor qilgan emitentga obuna bo‘lish, faktni saytda ochish va PDF shaklida yuklab olish kabi funksiyalar mavjud bo‘ladi.

Hisobotlar bo‘limida foydalanuvchilar emitentlarning yillik va choraklik hisobotlarini, MXXS va Auditorlik xulosalarini ko‘rish va qidirish imkoniyatiga ega. Muhim faktlarda qayd etilgan funksiyalar hisobotlarda ham amal qiladi.

Foydalanuvchi “Mening obunalarim” bo‘limida emitentdan obunani bekor qilishi, “Sozlamalar” bo‘limida bot tilini o‘zgartirishi ham mumkin.

Shuningdek, “Murojaat qoldirish” bo‘limida mulohaza va takliflarni Telegram-bot ma’muriyatiga yuborish mumkin.

Muayyan emitentga obuna bo‘lganda, PDF formatida “OpenInfo Bot” orqali ushbu emitentning so‘nggi nashr etilgan muhim faktlari va hisobotlarini darhol va avtomatik ravishda olish imkoniyati beriladi.


Avvalroq Toshkentda jamoat transporti harakati haqida ma’lumot beruvchi portal ishga tushirilishi haqida xabar berilgandi.