O‘zbekiston va Qozog‘iston temir yo‘l sohasida “Mesplan” tizimi orqali rejalarni muvofiqlashtirmoqchi. Bu haqda “O‘zbekiston temir yo‘llari” matbuot xizmati xabar berdi.
O‘zbekiston delegatsiyasi Ostona shahrida bo‘lib, “Qozog‘iston temir yo‘li” vakillari bilan muzokaralar o‘tkazdi. Uda samarali hamkorlik masalalari muhokama qilinib, kelishuvlarga erishildi.
Xususan, “Mesplan” tizimi orqali rejalarni muvofiqlashtirish masalalari ko‘rib chiqilib, Temir yo‘l transporti markazi tomonidan mazkur tizim orqali kiruvchi asosiy va qo‘shimcha rejalarni o‘z vaqtida hamda belgilangan muddatlarda tasdiqlashga kelishildi.
Qozog‘iston orqali O‘zbekistondan/O‘zbekistonga va uchinchi davlatlardan O‘zbekiston orqali Qozog‘istonga tranzit o‘tkazish hamda O‘zbekistondan Qozog‘istonga yuk tashuvlarini tashkil etish muhokama qilindi.
Davlatlararo punktlarni kuniga qo‘shimcha 2 juft poyezdga ulash orqali poyezdlar sonini ko‘paytirishni ko‘rib chiqishga kelishildi.
Poyezdlarni qabul qilish/yetkazib berish kuniga 30 va undan ortiq poyezdga oshiriladi. Ayni paytda davlatlararo tutashuv punktlarida yuk poyezdlarini qabul qilish va uzatish kuniga 28taga yaqin poyezdni tashkil etadi.
Muzokaralar davomida tomonlar O‘zbekistonga mo‘ljallangan ko‘mir, don va boshqa yuklarni yuklash va tashishda “O‘zbekiston temir yo‘llari"ning ochiq vagonlari va boshqa turdagi vagonlaridan foydalanishga kelishishdi.
Shuningdek, O‘zbekistondan Qozog‘istonga qatnaydigan refrejerator seksiyalaridan iborat refrejerator poyezdi tashkil etiladi. Meva-sabzavot mahsulotlarini Qozog‘istondan O‘zbekistonga olib chiqish uchun refrejerator seksiyalaridan foydalanish bo‘yicha birgalikdagi sa’y-harakatlar amalga oshiriladi.
Bundan tashqari, O‘zbekistondan Rossiyaga Qozog‘iston orqali refrejerator seksiyalari yuboriladi. Muzokaralar yakunida tomonlar o‘rtasida kelishuvlarni o‘z vaqtida va samarali bajarish majburiyatini olgan protokol imzolandi.
Avvalroq Italiyaning “Arsenale Group” kompaniyasi “O‘zbekiston temir yo‘llari” bilan qo‘shma korxona tashkil etishi mumkinligi haqida xabar berilgandi. Bundan tashqari kompaniya Yevropadan O‘zbekiston orqali Xitoyga sayyohlik poyezdini yo‘lga qo‘yish taklifini bildirmoqda.