Toshkentda o‘tkaziladigan “NASA Space Apps Challenge” hakatoniga arizalar qabul qilinmoqda.

Unda ishtirok etish bepul bo‘lib, astronavtika, ma’lumotlarni qayta ishlash, geologiya, astronomiya, STEM va ta’lim bilan bog‘liq vazifalarni o‘z ichiga oladi.

U muammolarni hal qilishga intiluvchan insonlarni “NASA"ning bepul va ochiq ma’lumotlari bilan tanishtiruvchi xalqaro ommaviy hamkorlik loyihasi hisoblanadi.

Dasturda ishtirok etish uchun global saytdan ro‘yxatdan o‘tish, jamoa tuzish, mahalliy tadbirga yozilish hamda maxsus shaklni to‘ldirish kerak. Mazkur shartlarni bajargan jamoa a’zolari ishtirok etish nomzodiga ega bo‘lishi mumkin.

Jamoa tarkibida bir nechta ishtirokchi bo‘lishi yoki yakka tartibda jamoa sifatida qatnashish mumkin. Tasdiqlangan ishtirokchilar ro‘yxati 5-oktabr kuni hakatonning “Telegram” kanalida e’lon qilinadi.

Unda koinot agentliklarining ochiq ma’lumotlaridan foydalanib, bilim va lateral fikrlash qobiliyatini oshirish, ilm-fan, kashfiyotchilik kabilar bo‘yicha fikr almashish va loyihalarni taqdim etish mumkin.

Shuningdek, dastur doirasida jamoalar turli xil muammolarni hal qiluvchi loyihalarini ekspertiza hay’ati qo‘mitasi oldida tayyorlashlari va xakaton yakunigacha malakali ma’ruzachilardan maslahatlar olishlari mumkin bo‘ladi.

Hakaton joriy yilning 7−8 oktabr kunlari Toshkentdagi “Inno” texnoparkida o‘tkaziladi.

Arizalarni 3-oktabrgacha havola orqali jo‘natish mumkin. Batafsil ma’lumot bu yerda. Savollarga javobni hakatonning “Telegram"dagi guruhidan olish mumkin.


Avvalroq “ICPC” dasturlash olimpiadasiga arizalar qabul qilinayotgani haqida xabar berilgandi. Unda OTM talabalari jamoa shaklida hamda 3tagacha a’zolar bilan ishtirok etishi mumkin.