O‘zbekistonda terini qayta ishlashda Yevropaning “Traceability” tizimi joriy etiladi. Bu haqda “O‘zcharmsanoat” uyushmasi matbuot xizmati xabar berdi.
Bu bo‘yicha, Milanda o‘tkazilgan “Linapelle” ko‘rgazmasi doirasida uyushma raisi Faxriddin Boboyev Yevropa hamjamiyatining charmchilar va libos tikuvchilar milliy uyushmalari konfederatsiyasi (Cotance) rahbari Manuel Rios va Italiya charmchilar uyushmasi (Unic) vakili Julia Martin bilan uchrashdi.
Manuel Rios 2025-yili Yevropaga olib kiriluvchi charmga qo‘yiladigan talablar haqida uyushma rahbariyatiga ma’lumot berdi. Xususan, terini barcha bosqichlarda kuzatish tizimi joriy etilmoqda. U orqali charmning hosil bo‘lishidan boshlab, tayyor charmda qanday turdagi mahsulot ishlab chiqarilishigacha bo‘lgan jarayonlar kuzatib boriladi.
Yig‘ilishda o‘zbek charm mahsulatlarini Yevropaga eksport qilish jarayonini to‘xtatmaslik uchun mazkur tizimni O‘zbekistonda joriy etish muhokama qilindi.
Shuningdek, tomonlar O‘zbekiston charm sanoatini strategik rivojlantirish masalalarini ham ko‘rib chiqishdi.
“Cotance” uyushmalar konfederatsiyasi Yevropa charm sanoatining vakillik organi hisoblanadi. Tashkilot Yevropadagi barcha milliy charm ishlab chiqaruvchilar uyushmalarini birlashtiradi.
Bryusselda joylashgan “Cotance” xalqaro miqyosda Yevropa charm sanoati manfaatlarini ilgari surish uchun yaratilgan. Tashkilot Yevropa charm sanoati nuqtai nazarini ifodalovchi yagona malakali organdir.
Shuningdek, Italiyaning “Assocalzaturifici” uyushmasi O‘zbekistonga mamlakat brendlarini jalb qilishda yordam bermoqchi. Bu bo‘yicha, Faxriddin Boboyev Italiyaga uyushmasining global savdo va biznes departamenti rahbari Mateo Skarparo bilan uchrashdi.
Muzokaralar davomida tomonlar poyabzal sanoati sohasida ikki tomonlama hamkorlikni yo‘lga qo‘yish imkoniyatlarini muhokama qilishdi. Uyushma Italiya poyabzal brendlari bilan biznes aloqalarini o‘rnatishda O‘zbekiston korxonalariga ko‘maklashishiga kelishildi.
“Assocalzaturifici” — sanoat usulida poyabzal ishlab chiqaruvchilarning milliy uyusmasi. Uning tarkibida taniqli brendlarga egalik qiluvchi kompaniyalarning 500ga yaqini mavjud. Uyushma xodimlarining miqdori 72 ming atrofida bo‘lib, mahsulotlarning 85%i chet mamlakatlarga eksport qilinadi.
Avvalroq Italiyaning “Assomac” assotsiatsiyasi O‘zbekistonda texnologik markaz barpo etishni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgandi.