Tadbirkorlar suv havzalari hamda daryo atrofidagi yerlarni onlayn ijaraga olishlari mumkin bo‘ladi

Tadbirkorlarga ayrim joylar “E-auksion” savdo platformasida onlayn auksion orqali ijaraga beriladi. Xususan, davlatga tegishli tabiiy va sun’iy suv havzalari (suv omborlari) baliqni sanoat usulida yetishtirish, ovlash va qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa maqsadlar uchun ajratiladi.

Bundan tashqari, tabiiy va sun’iy suv havzalari (suv omborlari) hamda daryo atrofidagi qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yerlar quyidagi maqsadlarda ijaraga beriladi:

  • suv bo‘yida plyaj zonalarini tashkil etish;
  • sport-ishqibozlik turidagi baliq ovlash, baliq ovi;
  • qayiqda suzish va suv sayohati bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish;
  • baliq mahsulotlari, baliq taomlari savdosi;
  • umumiy ovqatlanish va boshqa turizm xizmatlarini tashkil etish.

Shuningdek, bu maqsadlarda yengil konstruksiyali qurilmalarni (o‘tov lagerlari majmuasi, konteynerlarni) joylashtirish uchun ajratilishi ta’kidlangan.



Tadbirkorlar uchun elektr energiyasi va gaz tariflari oshiriladi

Hukumat qarori bilan, iste’molchilarning 1- va 2- guruh toifasi uchun elektr energiyasi 1 kvt.soat uchun 1 000 so‘mgacha (NKMK, OTMK, O‘zbekiston metallurgiya zavodi, budjet tashkilotlari), qolgan biznes va yuridik shaxslar uchun kvt.soatiga 900 so‘mgacha oshiriladi.

Tabiiy gaz tariflari esa “NKMK”, “OTMK”, “O‘zbekiston metallurgiya zavodi” va budjet tashkilotlari uchun bir kubasiga 1 800 so‘mgacha, boshqa tashkilotlarga kubasiga 1 500 so‘mgacha miqdorda belgilanmoqda.


“Kichik biznesni uzluksiz qo‘llab-quvvatlash” dasturi amalga oshiriladi

Quyidagilar “Kichik biznesga ko‘maklashish markazi” MChJlariga onlayn ariza yuborish orqali dasturda ishtirok etish huquqiga ega bo‘ladi:

  • kamida 1 yil mobaynida ishlayotgan YaTT, dehqon xo‘jaliklari, o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar, hunarmand, kasanachi, NTT, uch va undan ortiq kishini doimiy ish bilan ta’minlayotgan kichik biznes;
  • oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida o‘z biznes loyihalarini muvaffaqiyatli amalga oshirib, ijobiy kredit tarixiga ega bo‘lgan shaxslar.

1-oktabrdan dasturda ishtirok etuvchi kichik tadbirkorlarga yillik Markaziy bank asosiy stavkasidan 4%lik yuqori stavkada 1,5 mlrd so‘mgacha kreditlar va asosiy vositalarni sotib olish uchun lizing quyidagicha ajratiladi:

  • faoliyatini yo‘lga qo‘yish yoki kengaytirish uchun 2 yilgacha imtiyozli davr bilan 7 yilgacha;
  • aylanma mablag‘lar uchun revolver tarzda 3 yilgacha.

Bunda, 100 mln so‘mgacha kreditlarni garovsiz, 150 mln so‘mgacha kreditlarni garov talabi 50%gacha pasaytirilgan holda ajratish imkoniyati nazarda tutiladi.

Shuningdek, qiymati 1,5 mlrd so‘mgacha bo‘lgan asosiy vositalar 7 yilgacha bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan qarzga beriladi hamda innovatsion ishlanmalarni tijoratlashtirish, yuqori texnologik startap loyihalariga davlat ilmiy dasturlari doirasida 2 mlrd so‘mgacha grant mablag‘lari ajratiladi.


Jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan shaxslarni ishga olganlarga subsidiya beriladi

Jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan shaxslarni ishga qabul qilgan ish beruvchilarga har bir shaxs uchun 3 oydan ortiq muddatda mehnat faoliyatini davom ettirgandan so‘ng BHMning 3 baravari (990 ming so‘m) miqdorida bir martalik subsidiya ajratiladi.

Biroq, budjet tashkilotlari, davlat korxonalari, ustav (fondi) kapitalida davlat ulushi 50% va undan ortiq bo‘lgan yuridik shaxslar uchun amal qilmaydi.

o'zgarishlar, qonunchilik


Ayrim davlat organlarining munitsipal mulklar to‘g‘risidagi ma’lumotlari “Raqamli Toshkent” dasturiga yuklanadi

Toshkentda davlat va tadbirkorlar o‘rtasida investitsiya loyihalarini amalga oshirish va shahar infratuzilmasini yaxshilash bo‘yicha eksperiment o‘tkazish bo‘yicha prezident qarori qabul qilingan.

Hujjat bilan, Adliya vazirligi, Davaktiv agentligi, Kadastr agentligi, Soliq qo‘mitasi va boshqa davlat organlari axborot tizimlaridagi munitsipal mulklar to‘g‘risidagi ma’lumotlar ushbu tizimlarni o‘zaro integratsiya qilish orqali “Raqamli Toshkent” kompleks dasturiga yuklanadi.


Toshkentda DXSh loyihalarini amalga oshirishning soddalashtirilgan tartibi joriy etiladi

Toshkentda belgilangan obyektlar negizida “Toshkent Invest kompaniyasi” tomonidan loyiha qiymati $1 mlngacha bo‘lgan davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirishning soddalashtirilgan tartibi joriy etiladi.

o'zgarishlar, qonunchilik


“Umra” xizmatlarini ko‘rsatuvchi turoperatorlar faoliyati reyting asosida baholanadi

“Umra” tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazishda ziyoratchilarning manfaatlarini samarali himoya qilish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi hukumat qarori qabul qilingan.

Hujjat bilan, “Umra” xizmatlarini ko‘rsatuvchi turoperatorlar faoliyatini reyting asosida baholash tizimi joriy etiladi.


Savdo va servis sohalarida “xizmatlar ipotekasi” tizimi joriy etiladi

Tadbirkorlik jamg‘armasi iqtisodiyotning yana bir drayveri bo‘lgan xizmatlar sohasiga mas’ul bo‘ladi.

Jamg‘armaga salohiyatli o‘rta biznes korxonalariga ulushdor bo‘lib kirish vakolati beriladi. Buning uchun joriy yilda jamg‘armaga qo‘shimcha $25 mln, kelgusi yilda yana $100 mln ajratiladi.

Shu bilan birga jamg‘arma tomonidan o‘rta biznes uchun xorijiy valyutadagi kreditlarga ham kafillik beriladi.

Jamg‘arma turizm, savdo va servis sohalarida “xizmatlar ipotekasi” tizimini joriy qiladi. Mehmonxona, restoran, savdo kompleksi, avtoturargoh, yoqilg‘i shoxobchasi, kemping kabi obyektlarning tayyor loyihalari tadbirkorlarga taklif etiladi.

Shuningdek, jamg‘arma tadbirkorlarga xizmat ko‘rsatish obyekti uchun yer sotib olish, bino-inshootlar qurish va aylanma mablag‘i uchun ham resurs ajratadi.


QQSni qaytarishda soliq uzilishi (tax gap) koeffitsientini qo‘llash bekor qilinadi

Shavkat Mirziyoyev ortiqcha to‘langan qo‘shilgan qiymat solig‘ini qaytarishda soliq farqi koeffitsiyentini (Tax Gap) qo‘llash amaliyotini bekor qilishga qaror qildi. Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, tadbirkorlarning 70%i buni “adolatsiz” deb atagan.

Prezident tadbirkorlar bilan ochiq muloqot chog‘ida soliq tizimini tubdan isloh qilish va soliq organlarining yondashuvini butunlay o‘zgartirish, soliq ma’muriyatchiligini soddalashtirishga ham va’da berdi.


Davlat xizmatlari joylarga chiqqan holda ko‘rsatiladi

Xizmatlardan joyida foydalanish uchun hududlarga qarab bir martalik to‘lov undiriladi. Bu Toshkentda BHMning 50%ini tashkil etsa, viloyat markazlarida BHMning 40%i, tuman (shahar)larda esa BHMning 30%ini tashkil etadi.

“Call-markaz” orqali so‘rovnomalar soat 09:00dan 18:00gacha ish vaqti davomida qabul qilinadi. Rasmiy veb-sayt orqali sutkaning istalgan vaqtida murojaat qilish mumkin.

O‘zgalar yordamiga muhtoj qariyalar, sog‘lig‘ining holatiga ko‘ra mustaqil harakatlanish imkoniyati cheklangan hamda I va II guruh nogironligi bo‘lganlarga davlat xizmatlari ko‘rsatilganligi uchun to‘lov undirilmaydi.


ID-karta va xorijga chiqish pasportlarini pochta orqali olish imkoniyati yaratiladi

Hukumat qarori bilan, joriy yilning 1-oktabrigacha ID-karta va xorijga chiqish pasportlarini pochta orqali yetkazib berish tizimi yo‘lga qo‘yilishi belgilangan.


IPO’dan keyingi korxonalar sof foydasi dividend to‘lashga yo‘naltiriladi

Davlat ulushi 50% va undan yuqori bo‘lgan korxonalarning aksiyalari fond bozorida ommaviy taklif qilish orqali joylashtirilgandan so‘ng kamida 7 yil davomida mazkur korxonalar sof foydasining kamida 30%i dividend to‘lashga yo‘naltiriladi.

Davlat ulushi 50% va undan yuqori bo‘lgan korxonalarga xizmat ko‘rsatuvchi anderrayterlarning xizmat haqi qimmatli qog‘ozlar rejalashtirilganga nisbatan qimmatroq yoki ko‘proq joylashtirilganligi natijasida shartnomada kelishilgan miqdordan oshgan hollarda, shartnoma boshlang‘ich narxini 10%dan ortiqqa oshirmaslik to‘g‘risidagi cheklov bekor qilinadi.

o'zgarishlar, qonunchilik


Muqobil elektr stansiyalarida ishlab chiqarilgan elektr uchun “yashil energiya” sertifikati beriladi

Quyosh, shamol va gidroelektr stansiyalarida ishlab chiqarilgan elektr uchun elektrning qayta tiklanuvchi manbalari asosida ishlab chiqarilganini tasdiqlovchi “yashil energiya” sertifikati tizimi joriy etiladi.

Bitta “yashil energiya” sertifikati 1000 kVt.soat elektr ishlab chiqarilganligini tasdiqlaydi.


Shaharsozlik sohasidagi ayrim mutaxassislarni sertifikatlash boshlanadi

Prezidentning tegishli farmoni bilan, shaharsozlik sohasidagi belgilangan toifa mutaxassislarni ularning faoliyat yo‘nalishlari bo‘yicha har 3 yilda bir marta sertifikatlash tizimi joriy etilishi belgilangan.

Joriy yilning 1-oktabridan quyidagi toifa uchun sertifikatlash amalga oshiriladi:

  • loyiha boshqaruvini va texnik nazoratni hamda yo‘nalishlar bo‘yicha nazoratni olib boruvchi mutaxassislar;
  • loyiha tashkilotlarining mualliflik nazoratini olib boruvchi mutaxassislar hamda loyiha bosh muhandislari va bosh arxitektorlari;
  • pudrat tashkilotlarining ichki nazoratini amalga oshiruvchi mutaxassislar.

May oyida seysmik xavfsizligi II-IV toifadagi bino va inshootlar bo‘yicha loyiha hujjatlarini ishlab chiqish va ekspertizadan o‘tkazish, qurilish-montaj ishlarini bajarish va nazorat funksiyalarini amalga oshirish yo‘nalishlaridagi faoliyat yurituvchi mutaxassislarni sertifikatlash tartibini joriy etilish belgilangandi.


NAPP kapital bozorlari va sug‘urta xizmatlarida regulyatorga aylanadi

Kapital bozori sohasidagi Iqtisodiyot va moliya vazirligida ko‘rib chiqish jarayonida bo‘lgan hujjatlar (tegishli faoliyatni litsenziyalash, qimmatli qog‘ozlar chiqarishni ro‘yxatga olish, murojaatlar va boshqa hujjatlar) joriy yilning 1-oktabridan Istiqbolli loyihalar milliy agentligiga o‘tkaziladi va ko‘rib chiqish natijalari agentlik tomonidan rasmiylashtiriladi.

Shuningdek, sug‘urta tashkilotlari faoliyati ustidan nazoratni amalga oshirish bo‘yicha vazifa, funksiya va vakolatlari agentlikka o‘tkazilib, uni ushbu sohalarda tartibga solish, litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini amalga oshirish bo‘yicha vakolatli organ etib belgilanadi.


Sharoiti og‘ir har bir oila bo‘yicha alohida “ijtimoiy xizmat ishi” yuritiladi

“O‘zbekiston — 2030” strategiyasiga muvofiq, og‘ir hayotiy vaziyatga tushgan yoki tushish xavfi yuqori bo‘lgan har bir oila bo‘yicha alohida “ijtimoiy xizmat ishi"ni yuritish tartibi joriy etiladi.


Tadbirkorlarga moliyaviy sanksiyalar faqat sud tartibida qo‘llaniladi

Tadbirkorlarga miqdori 10 mln so‘mdan yuqori bo‘lgan soliqqa oid huquqbuzarliklar uchun, agar tadbirkor huquqbuzarlikni inkor etsa, moliyaviy sanksiyalarni faqatgina sud tartibida qo‘llash amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.


Eksklyuziv huquqlar berilgan xo‘jalik yurituvchi subyektlarning reyestri joriy etiladi

Raqobat qo‘mitasi bitim shartlarini, tovarlar realizatsiya qilinadigan hududni va narxni belgilashga bir tomonlama ta’sir ko‘rsatish imkoniyatiga (ustun muzokara kuchiga) ega bo‘lgan subyektlarni aniqlaydi va ular tomonidan ustun muzokara kuchini suiiste’mol qilishni taqiqlaydi.

raqobatga qarshi kelishuvni tuzgan yoki o‘zaro muvofiqlashtirilgan harakatni sodir etgan yuridik yoki jismoniy shaxs bu haqda Raqobat qo‘mitasiga birinchi bo‘lib ixtiyoriy ravishda xabar qilsa, u raqobat to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida belgilangan javobgarlikdan ozod etiladi.

o'zgarishlar, qonunchilik


“Biznesni rivojlantirish banki"ning ustav kapitali bosqichma-bosqich 3 trln so‘mga yetkaziladi

Prezident qarori bilan, “Kichik biznesni uzluksiz qo‘llab-quvvatlash” kompleks dasturi amalga oshirilishi belgilangan.

Hujjat bilan, “Biznesni rivojlantirish banki"ning ustav kapitali 1-oktabridan 2024-yilning yakunigacha bosqichma-bosqich 3 trln so‘mga yetkaziladi.


Tabiiy gazni qabul qilish va uzatish nuqtalariga elektron hisoblagichlar majburiy o‘rnatiladi

O‘zbekistondan tabiiy gazni quvurlar orqali tashiydigan korxonalarning gazni qabul qilish va uzatish nuqtalariga xromatograf hamda elektron hisoblagichlar o‘rnatilishi majburiy hisoblanadi.

Shuningdek, tabiiy gaz va suyuq uglevodorodni realizatsiya qilish to‘g‘risidagi shartnomalarga oid ma’lumotlar Soliq qo‘mitasining axborot tizimiga kiritib boriladi.

Mazkur shartnomalar yuzasidan elektron hisobvaraq-fakturalar Soliq qo‘mitasining axborot tizimiga kiritilgan ma’lumotlar asosida shakllantiriladi.


Ayrim nafaqa va moddiy yordam bo‘yicha arizalar “Yagona milliy ijtimoiy himoya” tizimi orqali qabul qilinadi

“Aholiga sifatli ijtimoiy xizmat va yordam ko‘rsatish hamda uning samarali nazorat tizimini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi prezident farmoni bilan, 1-oktabrgacha “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimi ishga tushirilishi belgilangan.

Shu bilan birga, “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi Ijtimoiy himoya milliy agentligi tasarrufiga o‘tkaziladi.

Shuningdek, aholiga ko‘rsatiladigan barcha turdagi ijtimoiy xizmatlar va yordamlar, shu jumladan kam ta’minlangan oilalar bolalari uchun nafaqa va moddiy yordamlar bo‘yicha arizalar “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimi orqali qabul qilinadi.


Nodavlat ta’lim tashkilotlari faoliyatini tashkil qilishda yengilliklar beriladi

Nodavlat maktabgacha va umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari faoliyatini tashkil qilishda o‘qituvchilarning toifalari hamda bitta sinfda ta’lim oluvchilarning maksimal soniga qo‘yilgan talablar yengillashtiriladi.


“Biznesni rivojlantirish banki” kichik biznesni qo‘llab-quvvatlash uchun kredit liniyalarini ochadi

Hududlardagi kichik biznes markazlarida o‘qigan tadbirkorlarning loyihalarini eng qulay shartlarda moliyalashtirish yo‘lga qo‘yiladi.

Bunda, kichik biznes loyihasining 10%iga tadbirkor investitsiya kiritsa, 45%iga “Biznesni rivojlantirish banki"ning o‘zi, qolgan 45%i uchun davlat ko‘magida resurs yo‘naltiriladi.

Kreditlar tadbirkorlarga 5−7 yil muddatga imtiyozli shartlar asosida beriladi. Ushbu mablag‘larning $200 mlni bo‘yicha kredit liniyalari 1-oktabrdan ochiladi.

O‘z biznesini yo‘lga qo‘ya olgan, “kredit va soliq tarixi” toza bo‘lgan tadbirkorlarga faoliyatini yangi bosqichga olib chiqish uchun kredit olishda garov talabi 50%ga kamaytiriladi.

Shuningdek, loyiha doirasida olib kiriladigan asbob-uskunani sug‘urtalash, xom-ashyo va materiallarni sertifikatlash xarajatlari markazlar tomonidan qoplab beriladi.

Umuman, dasturda ishtirok etayotgan kichik biznes korxonalari faoliyatini uch yilgacha tekshirishga yo‘l qo‘yilmaydi.


Xalqaro IT-sertifikatlarga sarflangan xarajatlar to‘liq qoplab beriladi

Hukumat qaror loyihasi bilan, 1-oktabridan ingliz tilidan B2 va undan yuqori darajaga ega bo‘lgan yoshlarning xalqaro IT-sertifikatlarni olish xarajatlarini to‘liq qoplab berish tartibi joriy etilishi belgilangan.

IT-sertifikatlarni olish xarajatlarini qoplash uchun arizalar Yagona portal orqali jo‘natiladi. Unda quyidagi hujjatlarni ilova qilish kerak:

  • xalqaro IT-sertifikat uchun to‘langan xarajatning to‘lov kvitansiyasi nusxasi (pdf formatda);
  • xalqaro IT-sertifikat nusxasi (pdf formatda);
  • ingliz tili bo‘yicha B2 va undan yuqori darajasiga egaligini tasdiqlovchi xalqaro sertifikat nusxasi (pdf formatda);
  • qoplanishi zarur bo‘lgan mablag‘lar qaysi hisobvaraqqa yo‘naltirilishi haqidagi ma’lumotlar.

o'zgarishlar, qonunchilik


Qozog‘iston Rossiya gazining O‘zbekistonga tranzitini boshlaydi

Gaz oldi-sotdisiga oid shartnoma “UzGastrade” va “Gazprom eksport” o‘rtasida 2 yil muddatga tuzilgan bo‘lib, joriy yilning 1-oktabridan kuniga 9 mln kubometr tabiiy gazni import qilish boshlanishi, yillik hajmda esa qariyb 2,8 mlrd kubometrni tashkil etishi ta’kidlangan.

Qozog‘istonning “QazaqGaz” kompaniyasi oktabr oyidan O‘zbekistonga Rossiya gazini tashishni boshlashini bildirdi.