Joriy yilning 26-sentabr kuni Shavkat Mirziyoyev Xitoyning yetakchi “BYD” kompaniyasi prezidenti va asoschisi Van Chuanfu boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Unda kompaniyaning O‘zbekistondagi faoliyatini kengaytirishning amaliy jihatlari ko‘rib chiqildi.

Xususan, tomonlar Jizzax viloyatida gibrid va elektr avtomobillar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni tezlashtirish hamda keyingi bosqichlarda uning quvvatini 300 ming donaga yetkazish masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, mahsulot tannarxini kamaytirish uchun butlovchi va ehtiyot qismlarini mahalliylashtirish loyihalari hamda avtomobillarni uchinchi mamlakatlar bozoriga eksport qilishni tashkil etish muhokama qilindi.

Mamlakatga “BYD” elektrobuslarini yetkazib berish va ularga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha muhandislik-servis markazlarini ochish rejalari qo‘llab-quvvatlandi.

Bundan avvalroq, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi va “BYD” kompaniyasi “O‘zbekistonda gibrid va elektr avtomobillar va ularning butlovchi qismlarini ishlab chiqarishni tashkil qilish” bitimini imzoladi.

Hujjatga ko‘ra, kompaniya va “O‘zavtosanoat” tomonidan mamlakatda gibrid va elektr avtomobillar ishlab chiqaruvchi “BYD Uzbekistan Factory” qo‘shma korxonasi tashkil etiladi.

Investitsiya loyihasining birinchi va ikkinchi bosqichlarida rejalashtirilgan ishlab chiqarish hajmi 50 ming donaga yetkaziladi, uchinchi bosqich yakunlanishi bilan esa bu ko‘rsatkich 300 ming dona avtomobilni tashkil etadi.

byd, elektromobil, jizzax

Qayd etilishicha, “BYD Uzbekistan Factory” elektromobillar bo‘yicha jahon yetakchisining Xitoydan tashqarida birinchi qo‘shma korxonasi bo‘ladi.

2022-yilning fevral oyida Shavkat Mirziyoyev avtomobilsozlik bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazib, elektr transporti sohasiga to‘xtaldi. U uch oy muddatda elektromobil sanoatini rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish vazifasini qo‘ydi.

Yil oxirigacha sohada xorijiy kompaniyalar bilan strategik hamkorlikni kelishib olish topshirildi. Ular yordamida O‘zbekistonda elektromobillar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilishi belgilandi.

Undan keyin, “O‘zavtosanoat” rahbari o‘rinbosari Aziz Shukurov o‘zining LinkedIn’dagi sahifasida O‘zbekiston Xitoyning “BYD” kompaniyasi bilan elektromobillar ishlab chiqarishda hamkorlik qilish niyatida ekanligini ma’lum qildi. Aprel oyida kompaniya bilan hamkorlikda elektromobillar va elektroavtobuslar ishlab chiqarish imkoniyatlari o‘rganilishi aytildi.

Yil yakuniga kelib esa “Build Your Dreams” (BYD) va “O‘zavtosanoat” qo‘shma korxona tashkil etishi ma’lum bo‘lgandi. 2023-yilning fevralidan kompaniya O‘zbekistonda avtomobillarni sotishni boshlashi xabar berildi.

Yil boshida Jizzaxda elektromobil ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilishi ma’lum qilingandi. Iyun oyida Xitoy kompaniyasi bilan hamkorlikda viloyatda tashkil etilishi belgilangan avtomobilsozlik klasteriga $700 mlnlik investitsiya kiritilishi xabar berildi. Biroq, aniq qaysi kompaniya ekani ma’lum qilinmagandi.