AQSh kompaniyasi O‘zbekistondagi elektr stansiyalarning energobloklari modernizatsiyasini amalga oshirishga yordam beradi. Bu haqda “O‘zbekenergota'mir” matbuot xizmati xabar berdi.

Bu bo‘yicha, AQSh-O‘zbekiston biznes forumida jamiyat hamda “General Electric Global Parts and Products GmbH” korporatsiyasi bilan shartnoma imzolandi.

Loyiha qiymati $60 mlnni tashkil etib, uning doirasida elektr stansiyalariga texnik xizmat ko‘rsatilib, yangi ehtiyot qismlar yetkazib beriladi hamda demontaj qilingan ehtiyot qismlarni tiklash ishlari amalga oshiriladi.

“Bu bilan biz mamlakatimiz elektr energetikasi tarmog‘iga zamonaviy, yuqori rivojlangan va energosamarador uskunalarni olib kiramiz, eng ilg‘or texnologiyalarni joriy etish orqali yoqilg‘i sarfini kamaytirish va ishlab chiqarishni raqamlashtirish evaziga mahsulotning yakuniy narxini pasaytirishga erishamiz”, — deydi “O‘zbekenergota'mir” bosh direktori Ilhom Rajabov.

Bundan tashqari, kelishuvga ko‘ra, jamiyatning yosh xodimlari amerikalik mutaxassislar ishtirokida bajariladigan ta’mirlash va sozlash ishlari orqali o‘z malakalarini oshirishlari mumkin bo‘ladi.


Avvalroq OTBning FTA bilan O‘zbekistonda energiya taqsimlash tizimini raqamlashtirishga jami $275 mln yo‘naltirishi ma’lum qilingandi.