Avvalroq Xitoyning “China Power International”, “CAMC Engineering”, “Shaanxi Xiangsheng Industrial Group” hamda “China Huadian Engineering Company” bilan Farg‘ona viloyatining Beshariq va Farg‘ona tumanlarida fotoelektr stansiyalar qurishga bo‘yicha kelishuv imzolangani ma’lum qilingandi.

Mazkur kompaniyalarning jami 4ta loyihasi bo‘yicha imzolangan hujjatlarning umumiy qiymati $1 mlrdni tashkil etadi.

Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov Beshariq tumanida joylashgan “Farg‘ona yasin qurilish mollari” O‘zbekiston-Xitoy qo‘shma korxonasi rahbarlari Guan Jong Vu hamda Erkin Mahmudovlarni qabul qildi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Xitoyning “Shaanxi Xiangsheng Industrial Group” kompaniyasi hammuassisligidagi mazkur korxonaga chegaradosh hududda quyosh fotoelektr stansiyasini qurish belgilangan. Tomonlar bu bo‘yicha muzokaralar olib bordi.

Loyiha qiymati $300 mln bo‘lib, stansiya quvvati 500 MVt bo‘lishi kutilmoqda. Avval Xitoy kompaniyasi viloyatga $200 mlndan ortiq to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar kiritgan.

“Farg‘ona yasin qurilish mollari” korxonasi rahbarlari mazkur quyosh fotoelektr stansiyasida ishlab chiqariladigan energiyaning kamida uchdan bir qismini korxona ehtiyoji uchun ishlatishini ma’lum qildi hamda loyihani tez muddatda amalga oshirishga tayyor ekanliklarini bildirdi.

Xayrullo Bozorov tungi elektr ta’minotida kamayish bo‘lmasligini oldini olish maqsadida bunday loyihalar energiya saqlash batareya stansiyasini ham o‘z ichiga olishi lozimligini qayd etdi. Bu borada loyihani qayta ishlangan holda taqdim etilishga kelishildi.

Shuningdek, uchrashuvda “Qirguli” sport-baliqchilik xo‘jaligi sifatida foydalanib kelinayotgan ko‘lni turistik xizmatlar maqsadida, o‘z ichiga mehmonxonalarni olgan cho‘milish va dam olish zonasiga aylantirish loyihasi ham ko‘rib chiqildi.

Bu bo‘yicha, Xitoydagi kompaniya direktorlar kengashi bilan kiritiladigan investitsiya hajmini kelishib, investitsion taklifni qisqa muddatlarda taqdim etishini bildirdi.


Avvalroq Xitoyning “PowerChina International Group Limited” kompaniyasi bilan Andijonda quvvati 400 MVt bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyasi qurilishi boshlangandi.