Janubiy Koreyaning “TG Holding” kompaniyasi O‘zbekistonda investitsiya loyihalarini boshlamoqda. Bu haqda “O‘zcharmsanoat” uyushmasi matbuot xizmati xabar berdi.

Uyushma raisi Faxriddin Boboev bilan Koreya kompaniyasi rahbari Sang Jin Kong boshchiligidagi delegatsiya o‘rtasidagi uchrashuvda loyihalarni boshlashning amaliy jihatlari ko‘rib chiqildi.

Avvalroq tomonlar mamlakatning sanoat, ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish sohalariga sarmoya kiritish bo‘yicha kelishuvga erishgandi. Koreya kompaniyasi investitsiya loyihalarining dastlabki yo‘nalishlarini belgiladi.

Xususan, kompaniya charm-poyabzal, kosmetologiya, energetika, xizmat ko‘rsatish sohalarida loyihalarni amalga oshiradi. Buning uchun $150 mln sarmoya yo‘naltiriladi. dastlabki bosqichda esa $35 mln ajratiladi.

“Biz dastlabki loyihalarimiz yo‘nalishlarini belgilab oldik. To‘rtta yo‘nalishda joriy yilning noyabr oyidan ishni boshlaymiz”, — dedi “TG Holding” kompaniyasi rahbari Sang Jin Kong.

Loyiha doirasida, kompaniya O‘zbekistonda Koreya brendlarining poyabzal, kiyim-kechak va attorlik buyumlar, sun’iy charm tayyorlash bo‘yicha yangi korxonalarni barpo etadi.

Qayd etilishicha, huquqiy maslahatlar ko‘rsatish bo‘yicha ishchi guruh tuzilgan. Kompaniyaning dastlabki loyihalari kelasi oydan boshlanadi. Tomonlar investitsiyalarni jalb etish hamda yo‘nalishlar bo‘yicha loyihalarni boshlash to‘g‘risida kelishuv memorandumini, uyushmaga a’zollikka qabul qilish bo‘yicha shartnomani imzolashdi.


Avvalroq Italiyaning “Assomac” assotsiatsiyasi O‘zbekistonda texnologik markaz barpo etishni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgandi. U charmsanoat va tekstil sanoati uchun uskunalar ishlab chiqarishni qamrab olib, unga $1,5 mln yo‘naltiriladi.