O‘zbekiston va Xitoy xalqaro yuk tashuvchi haydovchilarga soddalashtirilgan vizalar berishni joriy qilmoqchi. Bu haqda Transport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Transport vaziri Ilhom Mahkamov Xitoy transport vaziri Li Syaopen bilan uchrashdi. Unda ikki mamlakat o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirish bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.

Xususan, tomonlar “Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston” temir yo‘lini qurish loyihasini amalga oshirish, Andijon-O‘sh-Irkeshtom-Qashg‘ar multimodal transport koridorini rivojlantirishni ko‘rib chiqishdi.

Shuningdek, xalqaro yuk tashuvchi haydovchilarga vizalarni yengillashtirilgan tartibda berish hamda o‘zaro hamkorlikda yangi multimodal transport koridorlarini shakllantirish bilan bog‘liq jihatlar ilgari surildi.

Uchrashuvda muhokama etilgan yo‘nalishlarda kelishilgan masalalarni amalga oshirish maqsadida ikki davlat ishchi guruhlari yig‘ilishini yaqin orada o‘tkazishga kelishib olindi.


Avvalroq Xitoy kompaniyalari Farg‘onada qiymati $1,4 mlrdlik loyihalarni amalga oshirishi haqida xabar berilgandi.

Mamlakatning 12ta kompaniyasi bilan jami 32ta kelishuv amalga oshirildi. Loyihalar qatorida viloyatda elektrobuslar, misdan tayyor mahsulot ishlab chiqarish, mebelsozlik hamda raqamlashtirish kabilar bor.