Samarqand va Jizzax viloyatlaridagi 2 ta “zapravka” 2,3 mlrd so‘mlik elektr energiyasini o‘g‘irladi. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
“O‘zenergoinspeksiya” tomonidan mazkur viloyatlarda o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlandi.
Xususan, Samarqand viloyati, Kattaqo‘rg‘on tumanida faoliyat yuritib kelayotgan “K.G.O” MChJga qarashli AGTKShning elektr hisoblash uskunasiga tashqi ta’sir ko‘rsatilganligi ma’lum bo‘ldi. Natijada davlatga qariyb 1,3 mlrd so‘m (2,8 mln 833 ming 842 kVt⋅soat) zarar yetkazilgan.
Shuningdek, Jizzax viloyati, Sharof Rashidov tumanidagi “Ch.Y.” MChJga qarashli AGTKShning elektr hisoblash uskunasiga tashqi ta’sir ko‘rsatilganligi natijasida 2,3 mln kVt⋅soat elektr talon-toroj qilingan. Hisoblangan zarar 1,4 mlrd so‘mni tashkil etiladi.
Mazkur ikki holat yuzasidan jami yetkazilgan zarar 2,3 mlrd so‘mni tashkil etib, bu miqdordagi elektr energiyasi 25 767ta xonadonning bir oylik iste’molini qoplashga yetardi.
Qoidabuzar iste’molchilarga nisbatan belgilangan tartibda choralar ko‘rish uchun tegishli hujjatlar huquqni muhofaza etuvchi organlarga taqdim qilindi.
“O‘zenergoinspeksiya” tomonidan bu kabi holatlar muntazam aniqlanmoqda. Xususan, Sirdaryo, Surxondaryo va Farg‘ona viloyatlarida elektr energiyasiga 1,4 mlrd so‘mlik, Toshkent shahri va viloyatidagi 3ta iste’molchi 1,7 mlrd so‘mlik, Samarqanddagi 7ta korxona 2 mlrd so‘mdan ortiq zarar yetkazgan.
Shuningdek, Buxoroda 26,1 mlrd so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalanganlar jinoiy javobgarlikka tortildi.