Toshkent va Mayami o‘rtasida muntazam aviareyslarni yo‘lga qo‘yish imkoniyatlari ko‘rib chiqilmoqda. Bu haqda Transport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Bu bo‘yicha, vazir o‘rinbosari Jasurbek Choriyev AQShga safari davomida Mayami xalqaro aeroportining Marketing va savdo bo‘yicha direktori Emir Peneda bilan uchrashdi.
Unda fuqaro aviatsiyasi sohasidagi hamkorlik aloqalarini rivojlantirish, ususan, Toshkent va Mayami aeroportlari o‘rtasida doimiy aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish imkoniyati muhokama etildi.
Tomonlar fuqaro aviatsiyasi yo‘nalishida hamkorlik aloqalarini yangi bosqichga olib chiqish uchun barcha sharoitlar mavjudligini, imkoniyatlardan samarali foydalanish tomonlar uchun manfaatli ekanligini qayd etdi.
Uchrashuvda muhokama qilingan hamkorlik yo‘nalishlari doirasida amalga oshiriladigan vazifalar belgilab olindi.
Mayami aeroporti 1928-yilda tashkil etilgan. Kompaniya 2022-yili 50 mlndan ortiq yo‘lovchi qabul qilgan.
Hozir 56ta yo‘lovchi, 43ta yuk tashuviga ixtisoslashgan aviakompaniyaga 166ta yo‘nalish bo‘yicha xizmat ko‘rsatadi. Ular orasida 104 ta yo‘nalishda xalqaro va to‘g‘ridan-to‘g‘ri parvozlar mavjud.
Avvalroq Turkiyaning “SunExpress” aviakompaniyasi O‘zbekistonga parvozlarni yo‘lga qo‘yishga ruxsatnoma olgani haqida xabar berilgandi.