O‘zbekistonda moddiy madaniy meros obyektlari joylashgan hududlarga plastik mahsulotlarni olib kirish taqiqlanishi mumkin.
Bu bo‘yicha, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha qonun loyihasini muhokamaga qo‘ydi.
Hujjat bilan, quyidagi hududlarga bir martalik plastik mahsulotlarni olib kirish, sotish va ishlab chiqarish taqiqlanadi:
- tabiatni muhofaza qilish;
- sog‘lomlashtirish;
- rekreatsiya maqsadlariga mo‘ljallangan;
- moddiy madaniy meros obyektlari joylashgan.
Tabiiy organik polimer mahsulotlari bundan mustasno. Olib kirish, sotish va ishlab chiqarish taqiqlangan bir martalik plastik mahsulotlarning ro‘yxati hukumat tomonidan tasdqilanadi.
Mazkur hududlarga bir martalik plastik mahsulotlarni olib kirish, sotish va ishlab chiqarish uchun fuqarolarga BHMning 2 baravaridan 5 baravarigacha (1,65 mln so‘mgacha) mansabdor shaxslarga esa 5 baravaridan 10 baravarigacha miqdorda (3,3 mln so‘mgacha) jarima solishga sabab bo‘ladi.
Xuddi shunday huquqbuzarlik ancha miqdordagi qiymatda sodir etilsa quyidagi miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi:
- fuqarolarga BHMning 10 baravaridan 15 baravarigacha — 3,3 mln-4,95 mln so‘m;
- mansabdor shaxslarga BHMning 15 baravaridan 20 baravarigacha — 4,95 mln-6,6 mln so‘m.
Agar huquqbuzarlik ko‘p miqdordagi qiymatda sodir etilsa, quyidagi miqdorda jarima belgilanadi:
- fuqarolarga BHMing 20 baravaridan 25 baravarigacha — 6,6 mln-8,25 mln so‘m;
- mansabdor shaxslarga BHMning 25 baravaridan 30 baravarigacha — 8,25 mln-9,9 mln so‘m.
Bundan tashqari, faoliyati natijasida oqova suv hosil qiluvchi xo‘jalik yurituvchi subyektlarini kanalizatsiya tarmoqlariga ulanmasdan yoki muqobil tozalash uskunalari bilan jihozlanmasdan faoliyat yuritishi ham javobgarlikka tortiladi.
Bunda, fuqarolarga BHMning 50 baravaridan 100 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa 100 baravaridan 300 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Mazkur qonun 2026-yilning 1-iyulidan kuchga kiradi. Loyiha bilan batafsil bu yerda tanishish mumkin.
Fikr-mulohazalarni joriy yilning 7-oktabrigacha jo‘natish mumkin.