28-sentabrga o‘tar kechasi Toshkentning Sergeli tumanida kuchli portlash va yong‘in sodir bo‘lib, episentri Quruvchilar dahasida joylashgan “Interlogistics” kompaniyasining bojxona ombori bo‘lgan. Xususan, zarba to‘lqini yaqin atrofda joylashgan “M Cosmetic” do‘konlar tarmog‘iga jiddiy zarar yetkazgan.
Yuridik shaxslar reestriga ko‘ra, “Interlogistics” 2016-yilning 11-avgustida ro‘yxatga olingan. Kompaniya noturarjoy binolarini ijaraga berish va boshqarish bilan shug‘ullanadi. Uning ustav kapitali 48,98 mln so‘mni tashkil etadi.
Flagma.uz saytida “Interlogistics” kompaniyasi 2017-yilda ish boshlagani aytiladi. Uning Xonobod ko‘chasi, 3-binoda joylashgan obyektiga Xalqaro logistika markazi — “United Cargo Center” nomi berilgan. Logistika markazi tez buziladigan tovarlardan tortib to yirik hajmgacha bo‘lgan tovarlarni qabul qilish, saqlash, bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazish va jo‘natish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatadi. Korxona boshqaruvchisi — Farida Salixova.
“Interlogistics” rahbari Saitdinov Firdavs Faxridinovich. Uning “Facebook"dagi sahifasida 2005-yilda Toshkent shahridagi 18-maktabni tamomlagani qayd etilgan. Shundan so‘ng, Toshkent moliya instituti bakalavriatini, 2020-yilda esa Toshkent davlat yuridik universitetining magistratura darajasini olgan. Hozir u moliya institutida ishlaydi.
Kompaniya ta’sischilari BAAning “Integra Benefit Investments” (78,9%) va “Benif LTD” (21,1%) kompaniyalari hisoblanadi.
O‘z navbatida, “Benif LTD” “Integra Benefit Investments” (80,7%) kompaniyasining sho‘ba korxonasi hisoblanadi. Boshqa muassisi — “Madad-Tijorat” (19,3%). K
orxona rahbari — Rustam Abdushukurovich Payziyev. 1995-yil 18-sentabrda tashkil etilgan “Benif LTD” ustav kapitali $3,7 mlndan ko‘proqni tashkil etadi. Kompaniya noturar joyni ijaraga berish va boshqarish bilan ham shug‘ullanadi.
Shu bilan birga, Rustam Payziyev 2014-yilda ro‘yxatdan o‘tgan “Inter Gofra” kompaniyasiga egalik qiladi. Korxona qog‘oz va karton ishlab chiqaradi. Uning ustav kapitali 81,46 mln so‘mni tashkil etadi.
Shuningdek, yuridik shaxslar reestrida 1999-yil 26 avgustda ro‘yxatga olingan “Benif” uyushmasi ham mavjud. “Benif” va “Benif LTD” bir xil yuridik manzilga (Toshkent shahri, Yashnobod tumani, S.Azimov ko‘chasi, 52/1-bino) hamda telefon raqamiga (+998712335373) ega.
“Benif"ning ustav kapitali $30 mingi tashkil etadi, rahbari sifatida Irgashev Baxtiyor Ilyasovich ko‘rsatilgan. Mazkur kompaniya asoschilari “Benif LTD” (33%), “Madad-Tijorat” (33%) va “Interlogistics” (34%) hisoblanadi.
Bundan tashqari, ustav kapitali 4,8 mln so‘m bo‘lgan “Madad-Tijorat” MChJ teng ulushlarda Irgashev Baxtiyer Ilyasovich va Irgasheva Shoira Shamsutdinovnaga tegishli. Kompaniya bosh direktori Xotam Mirzahmedov hisoblanadi. “Madad-Tijorat” 2000-yilning 8-fevralida ro‘yxatga olingan. Metall konstruksiyalar va buyumlar ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi.
Avvalroq poytaxt hokimi vazifasini bajaruvchi Shavkat Umrzoqov Sergelida yuz bergan portlash oqibatida zarar ko‘rgan xonadonlar sonini ma’lum qilgandi.