Avvalroq “Spot” 28-sentabrga o‘tar kechasi Toshkentning Sergeli tumanida kuchli portlash va yong‘in sodir bo‘lgani haqida yozgandi. Hodisa markazi “Quruvchilar” dahasida joylashgan “Inter Logistics” kompaniyasi ombori bo‘ldi.
Portlash sodir bo‘lgan joyi yaqinidagi do‘konlar portlash to‘lqinidan zarar ko‘rdi. Xususan, zarba to‘lqini “Quruvchilar” metro bekati yonida joylashgan “M Cosmetic” do‘konlar tarmog‘iga jiddiy zarar yetkazdi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati “Spot'ga ma’lum qildi.
“Kecha tunda yirik portlash yuz berdi. Natijada „M Cosmetic“ tarmog‘i do‘konlaridan biri ham zarar ko‘rdi, unga jiddiy zarar yetdi, lekin, eng muhimi, xodimlarimizga hech nima qilmadi, ular sog‘-salomat”, — dedi “M Cosmetic”.
Matbuot xizmati zarar ko‘rgan do‘kon sug‘urtalanganligini qayd etdi. Shuningdek, hokimlik vayron bo‘lgan inshootlarni tiklashga yordam berishga va’da berdi.
Hozirda Favqulodda vaziyatlar vazirligi xodimlari do‘kondagi vayronalarni tozalashda yordam bermoqda, do‘kon tez orada ochiladi, deya qo‘shimcha qildi kompaniya.
Avvalroq “Spot” “M Cosmetic"ning birinchi do‘koni Toshkentdan tashqarida ochilgani haqida yozgandi.