“Maktabgacha ta’lim sohasida davlat-xususiy sheriklikni yanada qo‘llab-quvvatlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi prezident qarori qabul qilindi.
Unga ko‘ra, tadbirkorlarga, ularning xohishi bilan, 2018−2022 yillarda DXSh asosidagi nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarini tashkil etish uchun tuzilgan bitimlarga muvofiq ajratilgan imtiyozli kreditlar bo‘yicha imtiyozli davr muddatini 2024-yilning 1-oktabrigacha uzaytirishga ruxsat etildi.
Bunda imtiyozli davr davomida tadbirkorlar tomonidan kredit bo‘yicha faqat foiz to‘lovlari amalga oshiriladi. Imtiyozli davrda to‘lanishi lozim bo‘lgan asosiy qarz bo‘yicha to‘lovlar kredit davrining qolgan qismiga teng miqdorda taqsimlanadi.
Davlat-xususiy sheriklik asosidagi nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarini tashkil etish uchun imtiyozli kreditlar loyiha tashabbuskorlariga quyidagi tabaqalashtirilgan foiz stavkalarida va shartlarda ajratiladi:
- Toshkent shahrida — 10 yil muddatga, 2 yillik imtiyozli davr bilan yillik 12% stavka bo‘yicha;
- Nukus shahri, viloyatlar markazlari va viloyatga bo‘ysunuvchi shaharlarda — 10 yil muddatga, 2 yillik imtiyozli davr bilan yillik 8% stavka bo‘yicha;
- tumanlarda — 10 yil muddatga, 2 yillik imtiyozli davr bilan yillik 5% stavka bo‘yicha.
Joriy yilning 1-oktabridan nodavlat maktabgacha va umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari faoliyatini tashkil qilishda o‘qituvchilarning toifalari hamda bitta sinfda ta’lim oluvchilarning maksimal soniga qo‘yilgan talablar yengillashtirilishi belgilangan.
Avvalroq yangi yuk tashuvchi transportlar utilizatsiya yig‘imidan ozod etilishi ma’lum qilingandi. Bundan tashqari, ularni import qilishda kelasi yilgacha bojxona boji stavkasi 5% miqdorida belgilanadi.