Joriy yilning 28-sentabr kuni soat 02:43da Toshkent shahrining Sergeli tumani, “Quruvchilar” dahasida joylashgan omborxonalarning birida yong‘in sodir bo‘ldi.
Bunga kuchli chaqnash sabab bo‘lgani qayd etildi. FVB 16ta yong‘in-qutqaruv ekipaji va 3ta avtonarvon soat 02:48da hodisa ro‘y bergan hududga yetib borganini ma’lum qilgandi.
Hodisa “Inter Logistics” MChJga qarashli omborxonada sodir bo‘lgan. Voqea natijasida, omborxonaga yaqin joydagi aholi xonadonlari, binolar zararlangan.
FVV xodimlari tomonidan yong‘inni o‘chirish ishlari davom etmoqda. Vaziyat to‘liq nazoratga olinib, yong‘in soat 05:02da qurshab olingan.
Yong‘in kelib chiqish sababini aniqlash maqsadida FVVning maxsus laboratoriyasi hodisa joyida ish olib bormoqda hamda FVV rahbarligida shtab tashkil etilgan.
Shuningdek, yong‘in maydoni hamda jabrlanuvchilar soni aniqlanayotgani ma’lum qilindi. Voqea joyiga Bosh vazir Abdulla Aripov va boshqa mas’ullar yetib borgan.
Toshkent shahri hokimi Shavkat Umrzoqov Sergelidagi portlashdan jabrlangan uylarning egalariga zarar qoplab berilishini bildirdi.
“Moddiy zarar qoplab beriladi. Biz bu masalani 2−3 kun ichida hal qilamiz”, dedi voqea joyiga yetib borgan poytaxt hokimi.
Shuningdek, hokimlik favqulodda hodisa oqibatida yetkazilgan zararni baholash va bosqichma-bosqich qoplash yuzasidan ishlar boshlanganini bildirib, mol-mulkiga zarar yetgan fuqarolarning murojaatlari qabul qilinayotganini ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, mol-mulkiga zarar yetgan fuqarolar 1205 qisqa raqami orqali murojaat qilishlari mumkin.
Sog‘liqni saqlash vazirligi matbout xizmatining ma’lum qilishicha, hodisa oqibatida jabrlanganlarning umumiy soni 163 nafarni tashkil etmoqda.
Shundan, jami 24 nafari Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi va uning Toshkent viloyati filiali, Toshkent shahar tez tibbiy yordam shifoxonasi, 1-sonli Respublika va 1-sonli shahar klinik shifoxonalari hamda 1-sonli shahar tug‘uruqxonasiga yotqizildi.
Qolgan 138 nafar jabrlangan aholi vakilining salomatligi yaxshi bo‘lganligi uchun ambulator tibbiy yordam ko‘rsatilib, uyiga javob berilgan.
Hodisa oqibatida 2006-yilda tug‘ilgan bir nafar o‘smir bola voqea joyida vafot etgan va shifoxonaga tiriklik alomatlari bo‘lmagan holda olib kelingan.
Ayni paytda yuqoridagi shifoxonalarda davolanayotgan bemorlar orasida o‘ta og‘ir tan jarohati olganlar yo‘q. Ularning salomatligi qoniqarli.
Mazkur vaziyat yong‘in sodir bo‘lgan hududga yaqin bo‘lgan metropolitenning Yer usti halqa yo‘lining “Quruvchilar” bekatining me’moriy qismini yengil shikastlagan, ammo bu holat yo‘lovchi va poyezdlarning harakatiga ta’sir ko‘rsatmagan.
Toshkent metropoliteni matbuot xizmatining qayd etishicha, barcha metro bekatlarida poyezdlar harakati belgilangan jadval asosida olib borilmoqda.