“IT Park” UNICEF bilan hamkorlikda Qoraqalpog‘istonning uchta tumani — Chimboy, Kegeyli va Qorao‘zakda “Skills4Girls” ta’lim loyihasini ishga tushirmoqda. Bu haqda texnopark matbuot xizmati xabar berdi.

Loyiha vazifasi qizlarning IT sohasidagi ishtiroki ulushini oshirishga qaratilgan. Unda 15−24 yosh oralig‘idagi qizlar raqamli savodxonlik, dasturlash va robototexnika bo‘yicha bepul ishtirok etishlari mumkin.

Kurs davomiyligi 3 oy bo‘lib, oktabrdan dekabrgacha davom etadi. Kurs doirasida “Microsoft Office”, dasturlash va robototexnika asoslarini o‘rganish ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari, loyiha ishtirokchilari frilans platformalar bilan ishlashni o‘rganishib, murabbiylik yordamini olishadi.

Unda ishtirok etish uchun joriy yilning 5-oktabrigacha havola orqali ro‘yxatdan o‘tish kerak. Batafsil ma’lumot bu yerda.


Avvalroq dasturlash bo‘yicha “Yandex Cup” chempionatiga arizalar qabul qilinayotgani haqida xabar berilgandi. Unda o‘zbekistonliklar ham ishtirok etishlari mumkin. G‘oliblar $5200 gacha pul mukofoti bilan taqdirlanadi.