Joriy yilning 28-sentabr kuniga o‘tar kechasi Sergeli tumanida yuz bergan portlash oqibatida zarar ko‘rgan tovarlar inventarizatsiyadan o‘tkazilmoqda. Bu haqda Bojxona qo‘mitasi matbout xizmati xabar berdi.
Bu bo‘yicha, qo‘mita tomonidan maxsus ishchi guruh tashkil qilingan bo‘lib, mazkur tovarlarning bojxona nazorati qay tartibda amalga oshirilishi yuzasidan tadbirkorlarga tushuntirish ishlari olib borilmoqda.
Tadbirkorlar ushbu holat bo‘yicha 1108 ishonch telefoniga hamda Bojxona qo‘mitasining +998 55 502 76 00 (ichki: 74−11, 74−10, 74−06) raqamlariga qo‘ng‘iroq qilishlari mumkin.
Bojxona kodeksining 14-moddasiga ko‘ra, tabiat hodisalari (zilzilalar, yer ko‘chishlari, dovullar, qurg‘oqchiliklar va hokazo) yoki inson omiliga bog‘liq bo‘lmagan boshqa holatlar sababli kelib chiqqan, shuning oqibatida shaxslar qabul qilgan majburiyatlarini bajara olmaydigan favqulodda va oldini olib bo‘lmaydigan, kutilmagan holatlar yengib bo‘lmas kuch ta’siri hisoblanadi.
Shuningdek, tovarlar vaqtincha saqlash va bojxona ombori bojxona rejimlarida saqlanayotgan davrda yaroqsiz holga kelgan, buzilgan yoki shikastlangan tovarlar vakolatli shaxs tomonidan tanlangan bojxona rejimiga u shu holatda bojxona hududiga olib kirilgan tovar kabi joylashtiriladi.
Ya’ni, yong‘indan talafot ko‘rgan tovarlar yuzasidan FVV bilan hamkorlikda dalolatnomalar tuzilib, ular asosida tovarlar bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkaziladi.
Agar tovar to‘liq yaroqsiz holatga kelgan bo‘lsa, unga nisbatan iqtisodiy siyosat choralari qo‘llanilmaydi. Ya’ni mazkur tovarlarga bojxona boji undirilmaydi.
Avvalroq BYD kompaniyasi portlashda shikastlangan avtomobillar utilizatsiya qilishga yuborilishini ma’lum qilgandi. Kompaniya avtomobillar shartnomada ko‘rsatilgan muddatlarda yetkazib berilishini qayd etdi.