Joriy yilning 9 oyida Navoiy va Samarqand viloyatlaridagi quyosh fotoelektr stansiyalari 500 mln kVt⋅soatdan ortiq elektr energiya ishlab chiqardi. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Xususan, mazkur viloyatlarda har birining quvvati 100 MVt bo‘lgan 2ta quyosh fotoelektr stansiyasi ishga tushirilgan.
Ushbu stansiyalarda joriy yilning yanvar-sentabr oylarida 524,2 mln kVt⋅soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi.
Natijada 158,8 mln kub metr tabiiy gaz tejalishiga erishilib, atmosferaga 246 ming tonna zararli gazlar chiqishining oldi olindi.
Bundan tashqari, bu hajmdagi elektr energiyasi 218 mingdan ortiq xonadonning bir yillik iste’moliga teng hisoblanadi.
Joriy yilning avgust oyida ijtimoiy tarmoqlarda quyosh panellarini davlat tashkilotlariga, kasalxona va maktablarga, xususiy binolarga o‘rnatish monopoliyaga aylanib qolayotgani haqida turli xabarlar tarqaldi.
Energetika vazirligi bu bo‘yicha munosabat bildirib, “faktlar umuman haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi”, deya qayd etdi. Mamlakatda kichik quvvatli quyosh fotoelektr tizimlarini o‘rnatish tadbirkorlar (xususiy korxonalar) tarafidan amalga oshiriladi.