Senatning navbatdagi yalpi majlisida “Uzbekistan Airways"ga qarashli aviakassalar faoliyati bilan bog‘liq ayrim muammolar tanqid qilindi.

Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Qutbiddin Burxonov qo‘mitaga kelib tushgan murojaat asosida makur masalalar sabablari dastlabki tarzda o‘rganilganligini aytdi.

Xususan, “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasining 2015-yil 25-oktabrdagi 75-son buyrug‘i bilan tasdiqlangan yo‘riqnomaning eskirgani, undagi tegishli normalarning takomillashtirilmagani fuqarolar uchun o‘rinsiz, mantiqsiz to‘siqlarni yuzaga keltirayotgani ta’kidlandi.

Yo‘riqnomaning tegishli bandiga muvofiq, agar fuqarolar “Uzbekistan Airways"ga qarashli kassalardan o‘z yaqinlari uchun aviachipta sotib olmoqchi bo‘lishsa, ulardan fuqarolik pasportining asl nusxasi talab qilinmoqda. Pasportning asl nusxasini taqdim etmagan fuqarolarga esa aviachipta sotilmayapti.

Natijada bu, ayniqsa, yaqinlari boshqa viloyatlarda yashayotganlar uchun qiyinchiliklarni yuzaga keltirmoqda. “Shu bois, yo‘lovchilarning haqli e’tirozlari kundan-kunga ko‘paymoqda”, deyiladi xabarda.

“Uzbekistan Airways” saytida onlayn tarzda fuqarolik pasportining seriya raqami va amal qilish muddatlarini ko‘rsatib, aviachiptani qonuniy sotib olish imkoniyati mavjud.

“Tabiiy savol tug‘iladi: agar shunday imkoniyat bo‘lsa, nima uchun “Uzbekistan Airways"ga qarashli kassalardan o‘z yaqinlari uchun aviachipta sotib olmoqchi bo‘lganlardan pasportning asl nusxasi talab qilinmoqda? Nima uchun yuqorida qayd etilgan yo‘riqnomaga pasportning seriya raqami va amal qilish muddatlarini ko‘rsatgan (pasport nusxasi orqali) holda aviachiptani sotib olish mumkinligi to‘g‘risidagi qoida kiritilmagan?”, — deydi Burxonov.

Sayt yoki mobil ilova orqali mustaqil ravishda zarur shaxsiy ma’lumotlarini kiritib aviachipta sotib olgan fuqaro davlat chegarasini kesib o‘tishda Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari tomonidan kerakli baza orqali tekshiriladi va ma’lumotlar noto‘g‘ri kiritilganligi aniqlangan taqdirda, davlat chegarasini kesib o‘tishiga ruxsat berilmaydi va mas’uliyat fuqaroning o‘zida qoladi.

“Bunday holatlar aviachiptalar savdosidagi korrupsiyaga ham sabab bo‘lmoqda, fuqarolarga yengillik berish o‘rniga faqat tashvish va qiyinchilik keltirmoqda”, — deydi qo‘mita raisi.

Senat tomonidan 2021-yilning 19-mart kuni “Uzbekistan Airways"ga yuqorida qayd etilgan muammoni hal etish uchun yo‘riqnomaga tegishli o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha murojaat qilingan edi.

So‘rov yuzasidan berilgan javobda “ushbu muammoni bartaraf etish choralari ko‘rilayotganligi” ma’lum qilingan. Biroq, bundan qariyb 2 yil oldin aniqlangan va so‘rovda ko‘rsatilgan muammolar hozir ham o‘z yechimini topmagan. Bundan tashqari, Transport vazirligiga senator murojaati takror yo‘llangan.

“Ajablanarlisi, joriy yilning 23-iyun kuni kompaniya boshqaruv raisining birinchi o‘rinbosari imzosi bilan Senatga yo‘llagan javobida hech bir asossiz „bu muammoni hal qilish imkonsiz“ ekani ma’lum qilingan. Nahotki, ham fuqarolar e’tiroziga, ham korrupsiyaga sabab bo‘ladigan, ochiq-oydin ko‘rinib turgan bo‘shliqni bartaraf etib bo‘lmasa?”, — deydi Burxonov.


Avvalroq Raqobat qo‘mitasi Toshkent aeroporti hududiga taksilarni olib kirish bilan bog‘liq vaziyatni o‘rganib, “Uzbekistan Airports” kompaniyasi barcha taksilarni terminalga qo‘yishi va to‘xtash joylari narxlarini qayta ko‘rib chiqishi shartligini ta’kidlagandi.

Shundan keyin kompaniya mazkur holatga rasmiyi munosabat bildirib, Oliy sudga kassatsiya shikoyati hamda taksi xizmatlari uchun yangi kompaniyalarni tanlash yo‘li bilan murojaat qilishini bildirdi.