O‘tgan yilning sentabr oyida hukumat qarori bilan qishloqlardagi chet tillarini o‘rgatuvchi nodavlat ta’lim tashkilotlariga subsidiya ajratish tartibi tasdiqlangandi.

Oradan bir oy o‘tib esa subsidiya uchun birinchi qabul boshlandi. Bunda arizalar har chorakning birinchi oyi 10-sanasigacha jo‘natilishi kerak. Joriy yilgi oxirgi qabul iyul oyida bo‘lgandi.

Navbatdagi qabul 1-oktabrdan boshlanib, 10-oktabrgacha davom etadi. Xizmatdan Yagona portal orqali foydalanish mumkin.

Portalning asosiy sahifasida sohalar keltirilgan. Ular orasidan “Ijtimoiy himoya” bo‘limini tanlab, undan “Qishloq hududlarida xorijiy tillarni o‘qitish faoliyatini tashkil etish uchun subsidiya” xizmatiga o‘tish kerak.

“Xizmatdan foydalanish” tugmasi orqali esa ariza jo‘natiladi hamda undan faqat yuridik shaxslar foydalanishi mumkin.

Subsidiya nima uchun beriladi?

Bu turdagi subsidiyalar quyidagi maqsadlarda ajratiladi:

  • bino va o‘quv xonalarini axborot kommunikatsiya texnologiyalari, mebel, asbob-uskunalar, o‘qitishning texnik vositalari va boshqa anjomlari bilan jihozlash;
  • zarur darsliklar, o‘quv-metodik adabiyotlar va boshqa kutubxona-axborot resurslari hamda vositalari bilan ta’minlash;
  • ta’lim jarayonini tashkil etishga jalb etiladigan pedagog kadrlar mehnatiga haq to‘lash.

Buning uchun quyidagi hujjatlar talab etiladi:

  • 2 yilga mo‘ljallangan biznes reja;
  • mahsulot yetkazib berish yoki ishlarni, xizmatlarni bajarish to‘g‘risida tuzilgan xo‘jalik shartnomalari;
  • pedagog kadrlar bilan tuzilgan mehnat shartnomalari;
  • pedagog kadrlarning xorijiy tilni bilish darajasini tasdiqlovchi sertifikatlari;
  • ta’lim jarayonida foydalanilayotgan bino yoki o‘quv xonalarining ijara shartnomasi (ko‘chmas mulk ijarasi asosida faoliyat yuritayotgan nodavlat ta’lim tashkilotlari uchun).

Xizmatdan foydalanish bepul bo‘lib, buning uchun Yagona portalda shaxsiy sahifaga ega bo‘lish kerak. “Spot” avvalroq qanday qilib portalda sahifa yaratish mumkinligi bo‘yicha qo‘llanmani taqdim etgandi.

Subsidiya uchun arizalarni 10-oktabrgacha havola orqali jo‘natish mumkin. Arizalar bir oy ichida ko‘rib chiqiladi.

Belgilangan muddat tugagach, bu turdagi subsidiyalar uchun keyingi imkoniyat 2024-yilning yanvar oyida keladi.

Subsidiya uchun arizani qanday jo‘natish bo‘yicha “Spot” qo‘llanmasini bu yerda ko‘rish mumkin.


Joriy yilning 1-oktabridan jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan shaxslarni ishga olganlarga subsidiya berilishi ma’lum qilingandi.