Shavkat Mirziyoyev Qatarga davlat tashrifi doirasida mamlakat ishbilarmon vakillari bilan uchrashdi.

Xususan, “Nebras Power” kompaniyasi boshqaruvi raisi Muhammad al-Hajriyni qabul qilib, unda energetika sohasida, eng avvalo, muqobil energetikada yangi loyihalarni ilgari surish bo‘yicha o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishning amaliy jihatlari ko‘rib chiqildi.

Davlat rahbari Sirdaryo viloyatida Qatar kompaniyasi ishtirokida bug‘-gaz texnologiyalari asosida quvvati 1,6 GVt bo‘lgan elektr stansiyasi qurilishi loyihasini amalga oshirish boshlanganini qayd etdi.

Surxondaryo viloyatida issiqlik elektr stansiyasini barpo etish loyihasi doirasida tayyorgarlik ishlari yakunlanmoqda.

Toshkent viloyatida 600 MVt quvvatli energiya saqlash tizimlarini yaratish hamda Qoraqalpog‘istonda 1 GVt quvvatli shamol elektr stansiyasini ishga tushirish bo‘yicha qo‘shma rejalar muhokama qilindi.

Uzoq muddatli sheriklik dasturini qabul qilish hamda unga “yashil” energetikaga doir istiqbolli loyihalarni kiritish yuzasidan kelishuvga erishildi.

Qatar investitsiyalar agentligi direktori Bandar bin Saud Ol Soniy bilan o‘tgan uchrashuvda agentlikning to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarini mamlakat hududlarida “yashil” energetika obyektlari — quyosh va shamol stansiyalarini qurish, transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish, shu jumladan aviaterminallar barpo etish va boshqa investitsiya loyihalariga jalb qilish masalalari ko‘rib chiqildi.

Agentlik sanoat, infratuzilma, energetika, ko‘chmas mulk, elektron texnologiyalar sohalarida yirik loyihalarni amalga oshirishda katta tajribaga ega global miqyosdagi yetakchi investitsiya xoldinglaridan biri hisoblanadi.

Ilg‘or bank-moliya xizmatlarini, shu jumladan islom moliyasi dasturlari doirasida rivojlantirishdan manfaatdorlik bildirildi. Qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun ikki tomonlama guruh uchrashuvini yaqin fursatda o‘tkazishga kelishib olindi.

Shavkat Mirziyoyev “Power International Holding” kompaniyasi boshqaruvi raisi Mutaz al-Hayyatni qabul qildi.

“Power International” — dunyoning 19ta mamlakatida energetika, neft-kimyo, sanoat, qishloq xo‘jaligi, transport infratuzilmasi, sog‘liqni saqlash, turizm kabi sohalarda faol ish olib borayotgan Qatarning eng yirik milliy xoldingi.

Kompaniya bilan hamkorlikda Jizzax viloyatida kelgusida mintaqaning eng katta agrosanoat majmuasi bo‘ladigan zamonaviy chorvachilik klasteri qurilmoqda.

Mamlakatda yuqori tezlikda harakatlanishga mo‘ljallangan avtomobil magistralini barpo etish, ammiak va karbamid ishlab chiqarish hajmini oshirish, ishbilarmonlik va mehmonxona infratuzilmasi, sog‘liqni saqlash obyektlarini tashkil etish istiqbolli loyihalar sifatida qayd etildi.

Qatar tomoni tez orada xolding O‘zbekistonda o‘z ofisini ochishini ma’lum qildi.

“Al Mirqab Capital” xolding kompaniyasi ijrochi direktori Saif ur-Rahmon Xon bilan kechgan uchrashuvda mehmonxona infratuzilmasi va turizm xizmatlarini rivojlantirish, logistika va energetika tarmog‘ini modernizatsiya qilish borasidagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.

1983 yilda asos solingan “Al Mirqab Capital” xoldingi AQSH, Yevropa va Yaqin Sharqda “For Seasons”, “The Ritz Carlton” va boshqa brendlardagi 20 ta yirik mehmonxona egasidir. Kompaniya aktivlari qiymati 8 milliard dollardan ziyodni tashkil etadi.

Xususan, kompaniya tomonidan Toshkent viloyatida logistika markazi, Buxoro shahrida mehmonxona-kongress majmuasini qurish, mamlakatimizda elektr ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirishga investitsiya kiritish rejalari ko‘rib chiqildi.

Investitsiya loyihalari qo‘shma “yo‘l xaritasi” asosida amalga oshiriladi.