Aholiga ijtimoiy xizmatlar va yordamlar ko‘rsatish tizimini takomillashtirishga qaratilgan prezident qarori qabul qilindi.
Hujjat bilan, O‘zbekistonda joriy yilning 15-oktabridan “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari tashkil etiladi. Markaz dastlab 28ta tuman (shahar)larda eksperiment tarzida yo‘lga qo‘yiladi.
Markaz faoliyat yo‘nalishlariga quyidagilar kiradi:
- ijtimoiy himoyaga muhtoj aholiga bevosita mahalla darajasida kompleks yondashuv asosida professional ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish;
- ular ehtiyojlari va mavjud imkoniyatlarini baholash orqali individual tartibda ijtimoiy xizmatlar va yordamlar ko‘rsatish rejalarini ishlab chiqish;
- individual ijtimoiy xizmatlar rejasiga muvofiq ijtimoiy xizmatlar va yordamlarning ko‘rsatilishini tashkil qilish;
- zarur hollarda individual ijtimoiy xizmatlar rejasiga tegishli tuzatishlar kiritib borish;
- ichki resurslarni, shu jumladan ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ko‘ngillilarni (qarindoshlar, qo‘ni-qo‘shnilar, volontyorlar) ijtimoiy xizmat va yordamlar ko‘rsatishga jalb qilish hamda ularning mazkur sohadagi faoliyatini muvofiqlashtirish;
- aholiga davlat tomonidan kafolatlangan ijtimoiy xizmatlar va yordamlar to‘g‘risida hamda aholining mazkur xizmatlarni olishga bo‘lgan huquqlari bo‘yicha tushuntirish berish.
15-oktabrdan talabgorlarni o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz yashovchi yoki yolg‘iz keksa va nogironligi bo‘lgan shaxs deb e’tirof etish yoki bekor qilish hamda yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lganlar ro‘yxatiga kiritish (undan chiqarish) “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlarining qaroriga asosan amalga oshiriladi.
“Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari direktorlariga muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini uy-joy fondiga ega bo‘lgan muassasalarga olti oy muddatgacha vaqtincha ro‘yxatdan o‘tkazish huquqi beriladi.
Adliya vazirligi joriy yilning 1-noyabrigacha “Ijtimoiy xizmat darchalari"ning asosiy faoliyat yo‘nalishlarini belgilovchi reglamentni tasdiqlaydi. 1-dekabrga qadar mazkur markazlarning to‘liq faoliyat olib borishi uchun zarur moddiy-texnik baza, mebel jihozlari hamda aloqa vositalari (internet, kommunikatsiya va boshqalar) bilan ta’minlanadi.
Shuningdek, kelasi yildan davlat xizmatlari markazlari va ularning filiallarida ijtimoiy himoyaga muhtoj aholiga ijtimoiy xizmatlar va yordamlar ko‘rsatishga ixtisoslashgan “Ijtimoiy xizmat darchalari” faoliyati to‘liq tashkil etiladi.
1-noyabrgacha “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimida xizmatlarni muvofiqlashtiruvchi alohida elektron modul (e-case) ishlab chiqiladi. “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlaridagi ijtimoiy xodimlar tomonidan fuqarolarning arizalarini onlayn qabul qilish tajribasi yuqoridagi 28ta hududda eksperiment tarzida amalga oshiriladi.
Joriy yilning 1-dekabrigacha Ijtimoiy himoya ATga “Mehr daftari”, “Saxovat va ko‘mak”, “Yoshlar daftari” va “Ayollar daftari” axborot bazalari, shu jumladan bu daftarlarga kiritilgan fuqarolar hamda ularga tayinlangan to‘lovlar to‘g‘risida ma’lumotlar integratsiya qilinadi.
Kelasi yilgacha “mahalla yettiligi” tomonidan yagona savolnoma asosida mahallada ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi muammolarini aniqlash tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
2024-yilning 1-martigacha davlat tomonidan ijtimoiy xizmat va yordamlar ko‘rsatishda ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish shartnomasini tuzish amaliyotini joriy etish bo‘yicha takliflar hukumatga kiritiladi.
“O‘zbekiston — 2030” strategiyasiga muvofiq, og‘ir hayotiy vaziyatga tushgan yoki tushish xavfi yuqori bo‘lgan har bir oila bo‘yicha alohida “ijtimoiy xizmat ishi"ni yuritish tartibi joriy etilishi belgilangandi.
Bundan tashqari, mahallalarni rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha respublika va hududlar kengashlari joriy etiladi. Respublika kengashiga — Bosh vazir, hududiy kengashlarga esa hokimlar rahbarlik qiladi. Kengashlar “mahalla yettiligi” qo‘ygan masalalarga yechim topadi, moliyaviy manbalarini hal qilib beradi.