“Qishloqqurilishbank” negizida tashkil etilgan “Biznesni rivojlantirish banki” boshqaruvi raisi etib Annaklichev Saxi Saparmuxamedovich tayinlandi.
Saxi Annaklichev 2020-yilning mart oyidan buyon “O‘zsanoatqurilishbank” boshqaruvi raisi lavozimida ishlab kelayotgandi.
U 1975-yilda Qoraqalpog‘istonning To‘rtko‘l tumanida tug‘ilgan. 1996-yil Turkmaniston xalq xo‘jaligi institutini, 1999-yili O‘zbekiston Bank-moliya akademiyasini, 2008-yili Yaponiya Kobe universitetini, 2010-yili O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasini tamomlagan.
Mehnat faoliyatini 1996-yili Markaziy bankning Qoraqalpog‘iston Bosh boshqarmasi Valyuta-iqtisodiyot bo‘limi yetakchi iqtisodchisi lavozimida boshlagan. Keyinchalik mazkur boshqarmaning bosh iqtisodchisi, sho‘ba mudiri lavozimlarida ishlagan.
2000−2017 yillarda Markaziy bank Moliya departamenti bo‘lim boshlig‘i, boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari, Markaziy bank huzuridagi “O‘zbekiston Respublikasi Moliya sohasini rivojlantirish bo‘yicha agentligi” Jahon banki loyihasining maslahatchisi, bosh buxgalter, direktor o‘rinbosari, Markaziy bank Moliya departamenti direktori, Davlat-tijorat Xalq banki Boshqaruvi Raisi o‘rinbosari lavozimlarida faoliyat yuritgan.
Saxi Annaklichev 2017−2018 yillarda Vazirlar Mahkamasi Investitsiya dasturlari shakllantirilishi va amalga oshirilishi monitoringini muvofiqlashtirish, xorijiy investitsiyalarni jalb etish masalalari axborot-tahlil departamenti mudiri lavozimlarida ishlagan.
U 2018−2019 yillarda “O‘zsanoatqurilishbank” boshqaruv raisining birinchi o‘rinbosari, 2019−2020 yillarda “O‘zmilliybank” boshqaruv raisining birinchi o‘rinbosari sifatida faoliyat yuritgan. 2020-yilning martidan “O‘zsanoatqurilishbank” boshqaruvi raisi lavozimiga tayinlangan.
Shuningdek, shu kunga qadar “Qishloq qurilish bank” boshqaruvi raisi lavozimida ishlab kelgan Alisher Muratov “Biznesni rivojlantirish banki” raisining birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.
Biznesni rivojlantirish banki
Joriy yilning avgust oyida Shavkat Mirziyoyevning tadbirkorlar bilan o‘tgan ochiq muloqotida ️"Qishloq qurilish banki" “Biznesni rivojlantirish banki"ga aylantirilishi va tadbirkorlarga ushbu bankga ulushdor bo‘lib kirish huquqi berilishi ma’lum qilingandi.
Sentabr oyiga kelib, ochiq muloqotda belgilangan vazifalarni amalga oshirishga qaratilgan davlat rahbari qarori qabul qilindi hamda unda mazkur bankka OTB va boshqa xalqaro moliya institutlari hisobidan bosqichma-bosqich $500 mln miqdorida resurs ajratilishi belgilandi.
Bundan tashqari, mazkur hujjat bilan Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha kengash tarkibi yangilandi hamda kengash a’zolari soni 22tadan 30tagacha oshirilib, unga “Biznesni rivojlantirish banki” raisi ham kiritildi.
Undan keyin, kichik biznesni rivojlantirishni moliyaviy va institutsional qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan prezident qarori bilan, “Biznesni rivojlantirish banki"ning ustav kapitalini joriy yilning 1-oktabridan 2024-yilning yakunigacha bosqichma-bosqich 3 trln so‘mga yetkaz topshirildi.
“Qishloq qurilish bank"ka ajratilgan umumiy qiymati 544 mlrd so‘m bo‘lgan kredit liniyalari mablag‘lari mazkur bankka subordinar qarz sifatida qayta rasmiylashtiriladi.
Bank huzurida har bir hududda jami 14 ta kichik biznes markazlari tashkil etilib,️ loyihalarning 10%iga tadbirkor investitsiya kiritsa, 45%iga mazkur bank, qolgan 45%i uchun davlat ko‘magida resurs yo‘naltirilishi belgilandi.
Kreditlar tadbirkorlarga 5−7 yil muddatga imtiyozli shartlar asosida beriladi. Ushbu mablag‘larning $200 mlni bo‘yicha kredit liniyalari 1-oktabrdan ochilishi belgilangan.
O‘z biznesini yo‘lga qo‘ya olgan, “kredit va soliq tarixi” toza bo‘lgan tadbirkorlarga faoliyatini yangi bosqichga olib chiqish uchun kredit olishda garov talabi 50%ga kamaytiriladi.
Joriy yilning 28-sentabr kuni “Qishloq qurilish bank” aksiyadorlarining navbatdan tashqari umumiy yig‘ilishida bank nomi “Biznesni rivojlantirish banki"ga o‘zgartirildi va bank ustavi hamda bankning yangi tarkibiy tuzilmasi tasdiqlandi.
30-sentabrda esa Markaziy bank boshqaruvining qaroriga asosan bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziya almashtirildi.