Joriy yilning 1-oktabridan tadbirkorlar uchun elektr va gaz narxlari oshirilishi xabar berilgandi. Natijada, bu elektromobillarni quvvatlantirish shoxobchalarida narxlarning oshishiga olib keldi.

Xususan, “Tokbor” kompaniyasi tariflarni bir kVt/soat uchun 700 so‘mga oshirganini ma’lum qildi. Unga ko‘ra, 1-oktabrdan tariflar quyidagicha belgilangan:

  • o‘zgaruvchan tokli stansiyalar uchun — kVt/soatiga 1250 so‘mdan 1950 so‘mga;
  • doimiy tokli stansiyalar uchun — kVt/soatiga 2150 so‘mdan 2850 so‘mga.

Quvvatlantirish oxirida ishlamay qolish vaqti va boshlash uchun minimal summa o‘zgarishsiz qoladi.

Kompaniya tariflarning narxini hisoblashda asosiy ulushni elektr quvvatini qoplash xarajatlari hamda stansiyalarni o‘rnatish maydonchalari ijarasi tashkil etishini qayd etib, energiya resurslariga narxning oshishi tarmoqni ishlatish va kengaytirish bilan bog‘liq xarajatlarga ham ta’sir qilishini bildirgan.

“Eng kamtarin hisob-kitoblarimizga ko‘ra, elektr quvvatini yangi narxlarda qoplash, xizmatlar ko‘rsatishning hozirgi sifati va tarmoq rivojlanish sur’atini saqlab qolish maqsadida bilvosita xarajatlarning oshishini hisobga olmagan holda narxni oshirishga majburmiz”, deyiladi kompaniya xabarida.

Shuningdek, bu kompaniya uchun ham majburiy chora ekani va bu vaziyatda kompaniya uchun ijobiy holat ko‘rilmayotgani qayd etilgan.

Bundan tashqari, “Gazeta.uz"ning xabar berishicha, “Megawatt Energy” ham narxlarni oshirish rejalari haqida ma’lum qilgan. Kompaniya 3-oktabr kuni yangi tariflarni e’lon qilishni rejalashtirmoqda.


Avvalroq 20-oktabrdan mahalliy poyezdlarning chipta narxlari oshirilishi haqida xabar berilgandi.