Shavkat Mirziyoyev 2-oktabr kuni Dohada Qatarning sobiq Bosh vaziri, mamlakatdagi qator yirik investitsiya va sanoat xoldinglari asoschisi Hamad bin Jassim Ol Soniyni qabul qildi.
Unda O‘zbekiston va Qatarning yetakchi kompaniya va korxonalari o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Energetika, sanoat, infratuzilma, turizm, bank-moliya sohalarida istiqbolli loyihalarni amalga oshirish shular jumlasidan.
Davlat rahbari ekspertlar guruhini shakllantirish va “yo‘l xaritasi"ni qabul qilish orqali qo‘shma loyihalarni amalga oshirishni tezlashtirish muhimligini ta’kidladi.
Avvalroq O‘zbekiston va Qatar o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan hujjatlar imzolandi. Mamlakat yetakchilari an’anaviy va yashil energetika, neft-kimyo, metallarni chuqur qayta ishlash, qurilish, turizm, moliya va boshqa sohalarda qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirishga tayyorligini bildirdi.
Bundan tashqari, Shavkat Mirziyoyev mamlakatga davlat tashrifi doirasida mamlakat ishbilarmon vakillari bilan uchrashdi. Unda energetika sohasida, eng avvalo, muqobil energetikada yangi loyihalarni ilgari surish bo‘yicha o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishning amaliy jihatlari ko‘rib chiqildi.