“Energetika sohasini isloh qilishning navbatdagi bosqichini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi prezident farmoni qabul qilindi.

Unga ko‘ra, elektr energiyasini markazlashgan tartibda xarid qilish va sotish funksiyasini bajaruvchi “O‘zenergosotish” aksiyadorlik jamiyati tashkil etiladi.

“O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” elektr energiyasini tashish va tranzit qilishga ixtisoslashgan yagona magistral elektr energiyasi uzatish tizimi operatori etib belgilanadi.

Shu bilan birga, Energetika bozorini rivojlantirish va tartibga solish agentligi (energetika bozori regulyatori) tashkil etiladi.

Kelasi yilning 1-iyulidan elektr energiyasini markazlashgan tartibda xarid qilish va sotish funksiyasi “O‘zenergosotish” tomonidan va magistral elektr tarmoqlarini ekspluatatsiya qilish funksiyasi “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” tomonidan to‘liq amalga oshiriladi.

2025-yildan “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari"ning elektr energiyasi eksporti va importi shartnomalari, xususiy elektr stansiyalari bilan imzolangan elektr energiyasini sotib olish to‘g‘risidagi bitimlari bo‘yicha majburiyatlari “O‘zenergosotish"ga to‘liq o‘tkaziladi.

Bundan tashqari, 2025-yilgacha “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari"ning elektr energiyasi eksporti va importi shartnomalari, xususiy elektr stansiyalari bilan imzolangan elektr energiyasini sotib olish to‘g‘risidagi bitimlari “O‘zenergosotish"ga qaytadan rasmiylashtiriladi.

2024-yilning 1-fevraligacha xalqaro moliya institutlarining texnik ko‘magida Elektr energiyasi tariflarini shakllantirishning yangi uslubiyoti ishlab chiqiladi.

Shuningdek, kelasi yilning 1-mayigacha “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari"ning elektr energiyasini magistral elektr tarmoqlari orqali uzatish, “O‘zenergosotish” uchun elektr energiyasini sotish va xarid qilish tariflarini hamda elektr energiyasi uchun kelib tushadigan mablag‘larni taqsimlashning yangi tartibi tasdiqlanadi.

2022-yilning iyul oyida Jamshid Qo‘chqorov energetika sohasida regulyator tashkil etilishini ma’lum qilgandi. U bozorning barcha qatnashuvchilari faoliyatini nazorat qilishi va tartibga solishini qayd etgandi.


Avvalroq “Yashil energiya” sertifikatini berish tartibi belgilangani haqida xabar berilgandi. Bundan tashqari, “Yashil” iste’mol krediti bo‘yicha foiz to‘lovlarining bir qismini qoplab berish tartibi to‘g‘risida nizom qabul qilindi.