O‘zbekistonning bir nechta shaharlari GCoM tashabbusiga qo‘shildi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Unga ko‘ra, loyihada Nukus, Urganch, Buxoro va Namangan shaharlari hamda Qashqadaryo viloyatining G‘uzor tumani ishtirok etmoqda.
GCoM — bu “Support to the Secretariat of the Global Covenant of Mayors for the climate and energy”, ya’ni “Hokimlarning global kelishuvi kotibiyatini iqlim va energetika bo‘yicha qo‘llab-quvvatlash” loyihasi hisoblanadi hamda O‘zbekistonda 2022-yilning fevral oyidan Yevropa Ittifoqi hamda vazirlik hamkorligida amalga oshirilmoqda.
Loyiha shahar va tumanlar darajasida iqlim o‘zgarishining oldini olish, ekologik barqarorlikni ta’minlash, aholining qulay tabiiy muhitda hayot kechirishi uchun barcha zarur shart-sharoitlarni yaratish, “yashil” iqtisodiyot hamda “yashil” energetikani rivojlantirishga qaratilgan.
Uning doirasida 10 mingdan ortiq shaharlar mahalliy tashabbuslari, innovatsion moliyalashtirish modellari va barqaror infratuzilma orqali iqlim hamda iqtisodiy inqirozlarni hal qilish uchun milliy va xalqaro institutlar bilan hamkorlik qilib kelinmoqda.
Qayd etilishicha, 5ta shahar (tuman)ning har biri bo‘yicha CO2 (Karbonat angidrid) tashlamalarining miqdori aniqlanib, ularni kamaytirish maqsadida “Iqlim bo‘yicha harakatlar rejasi"ni ishlab chiqish ishlari yakunlanmoqda.
Avvalroq “Yashil energiya” sertifikatini berish tartibi belgilangandi. Unga ko‘ra, sertifikatlarni hisobga olish, savdosini tashkil qilish hamda monitoringini yuritish ishlari emitent nomidan Yashil iqtisodiyot loyihalari markazi loyiha ofisi tomonidan amalga oshiriladi.