Hukumat qarori bilan “Yashil energiya” sertifikatlarini berish va muomalaga kiritish tartibi to‘g‘risida"gi nizom tasdiqlandi.
Unga ko‘ra, sertifikatlarni hisobga olish, savdosini tashkil qilish hamda monitoringini yuritish ishlari emitent nomidan “Yashil iqtisodiyot loyihalari markazi” loyiha ofisi tomonidan amalga oshiriladi.
“Yashil energiya” sertifikati birja savdolariga registrant tomonidan standart lotlar asosida sotuvga qo‘yiladi. Savdo sessiyasida sotiladigan bir “yashil energiya” sertifikatining loti 1000 kVt/soat miqdorida belgilanadi.
Muayyan davr davomida qayta tiklanuvchi energiya manbalarida ishlab chiqarilgan va elektr tarmog‘iga uzatilgan tegishli miqdordagi MVt/soat elektr energiyasi uchun sertifikatlar faqat bir marta beriladi.
Shuningdek, sertifikatning amal qilish muddati chegaralanmaydi. Registrant va emitent o‘rtasida sertifikat chiqarishning standart shartlari to‘g‘risida shartnoma tuziladi.
Registrant platformada ro‘yxatdan o‘tish uchun quyidagi hujjatlarni I-REC (Xalqaro qayta tiklanuvchi energiya manbalarini sertifikatlash tashkiloti) bosh ofisiga emitent orqali yuborish to‘g‘risida murojaat yuboradi:
- sertifikat chiqarishning standart shartlari to‘g‘risidagi shartnomaning nusxasi;
- oxirgi 12 oylik buxgalteriya balansi va tashqi audit xulosasi (audit qilingan bo‘lsa);
- CSD01 shaklidagi to‘ldirilgan va imzolangan so‘rovnoma (korxonaning umumiy, rahbariyat va aksiyadorlar to‘g‘risidagi hamda aloqa ma’lumotlari).
Generatsiya obyektini ro‘yxatga olish uchun registrant tomonidan emitentga quyidagi miqdordagi bir martalik yig‘im amalga oshirilayotgan sanadagi Markaziy bankning rasmiy valyuta kursi bo‘yicha milliy valyutada undiriladi:
- quvvati 3 MVtgacha bo‘lgan generatsiya obyektlari uchun — 500 yevro;
- quvvati 3 MVtdan katta bo‘lgan generatsiya obyektlari uchun — 1000 yevro.
Ro‘yxatdan o‘tuvchining arizasi yig‘im undirilgandan so‘ng emitent tomonidan 5 ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi, ro‘yxatdan o‘tkaziladi va generatsiya obyekti platformaga kiritiladi.
Generatsiya obyekti platformada bo‘lish muddati 5 yilni tashkil etadi, ushbu muddat tugagandan so‘ng generatsiya obyektni qayta ro‘yxatga olish talab etiladi.
Joriy yilning may oyida prezident qarori bilan “Yashil energiya” sertifikatlari tizimi joriy qilinib, gidroelektr stansiyalariga “yashil” sertifikat berilishi belgilangandi.
Iyul oyida “O‘zbekgidroenergo” matbuot xizmati tarkibidagi GESlarda “yashil energiya” sertifikatlari tizimi joriy etilgani haqida xabar berdi. Ishlab chiqariladigan elektr energiya hajmidan kelib chiqib, kompaniya yiliga 7 mln dona “yashil energiya” sertifikatlarini birja savdosiga chiqarishi mumkin.
Mamlakatda elektrning qayta tiklanuvchi manbalari asosida ishlab chiqarilganini tasdiqlovchi mazkur tizim quyidagi bosqichlarda joriy etilishi belgilangan:
- 1-iyuldan — “O‘zbekgidroenergo"dagi gidroelektr stansiyalarida ishlab chiqarilgan elektr uchun;
- 1-oktabrdan — quyosh, shamol va gidroelektr stansiyalarida ishlab chiqarilgan elektr uchun.
Qayta tiklanuvchi manbalardan foydalanishga asoslangan generatsiya obyektlarining “yashil energiya” sertifikatlari savdosidan tushgan daromadlari foyda solig‘idan ozod etiladi.