Ipoteka krediti bo‘yicha subsidiya berish yana boshlandi, deya ma’lum qildi Yagona interaktiv xizmatlar portali.

Subsidiya daromadi yuqori bo‘lmagan va uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj oilalarga ijtimoiy mezonlar asosida beriladi hamda unga 18 yoshga to‘lgan fuqarolar murojaat qilishlari mumkin.

Unga ko‘ra, quyidagi toifaga ega aholi murojaat qilishlari mumkin:

  • qishloqlarda mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori 3 baravaridan (2,940 mln so‘m) 6,9 baravarigacha (6,762 mln so‘mgacha);
  • Qoraqalpog‘iston va viloyatlar shaharlarida belgilangan MHTEKMning 3 baravaridan (2,940 mln so‘m) 8 baravarigacha (7,840 mln so‘mgacha);
  • Toshkentda belgilangan MHTEKMning 3 baravaridan (2,940 mln so‘m) 9,2 baravarigacha (9,016 mln so‘mgacha).

Ariza qanday jo‘natiladi?

Fuqarolar ipoteka kreditlari bo‘yicha subsidiya olish uchun Yagona portal orqali onlayn ariza yuborishlari mumkin. Avvalroq “Spot” bu bo‘yicha qo‘llanmani taqdim etgandi.

Qidiruv tizimiga “Ipoteka kreditiga davlat subsidiyasini olish” kalit so‘zlarini kiritib, kerakli sahifani topish “Xizmatdan foydalanish” tugmasi orqali esa jarayonni amalga oshirish mumkin.

Birinchi qadamda ariza yuboruvchi va subsidiyani olishdan maqsadni tanlash kerak. Bunda foydalanuvchi o‘z va oila a’zolari nomidan uy-joy xarid qilishga va qurilish-rekonstruksiya uchun ipoteka kredit olishda beriladigan subsidiyalar uchun ariza jo‘natishi mumkin.

Navbatdagi qadamda mehnat migrantlari ma’lumot kiritishlari mumkin. Uchinchi qadamda arizachi haqidagi ma’lumotlar shakllanadi. Undagi ayrim ma’lumotlarni to‘ldirish kerak.

Masalan, arizachining oilaviy ahvoli ya’ni uylangan yoki turmushga chiqqani haqidagi bo‘limni tanlashi mumkin. Oxirgi qadamda har bir toifaga oid ma’lumotlar shakllanadi hamda oila a’zolari haqidagi barcha ma’lumotlarni kiritish kerak.

Xizmatdan quyidagi toifadagilar foydalanishlari mumkin:

  • og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan ayollar;
  • migratsiya dasturida ro‘yxatdan o‘tgan fuqarolar;
  • olis va chekka hududlardagi tashkilotlarga boshqa hududlardan ishlash uchun kelgan mutaxassislar yoki tibbiyot xodimi;
  • imkoniyati cheklanganlar;
  • harbiylar.

Xizmatdan foydalanish bepul bo‘lib, buning uchun hech qanday hujjat talab etilmaydi. Arizalar qariyb 20 kun ichida ko‘rib chiqiladi.

“Mening arizalarim” bo‘limiga kelib tushgan ijobiy xabarnomadan so‘ng javobda ko‘rsatilgan uy-joyning yuqori qiymatidan oshmagan qiymatdagi uy-joyni ipoteka krediti orqali sotib olish yuzasidan qurilish (pudrat) tashkiloti bilan shartnoma tuzadi.

Subsidiyalar bir oilaga (oila a’zolarining bittasiga) faqat 1 marta beriladi. Subsidiya uchun arizalarni havola orqali jo‘natish mumkin.

Joriy yilning aprel oyida subsidiya xabarnomasining amal qilish muddati 12 oydan 4 oyga tushirildi. Bu orqali esa 4 oy davomida sertifikatidan foydalanmagan fuqarolar subsidiya olish uchun yana qayta murojaat qilishlari mumkin.


Avvalroq xorijiy tillarni o‘rgatuvchi markazlar uchun subsidiyaga arizalar qabuli boshlanishi haqida xabar berilgandi.