“Red Wings” va “Ural Airlines” aviakompaniyalari Chelyabinskdan Samarqandga muntazam parvozlar uchun ruxsat oldi, deya xabar bermoqda “Kommersant” nashri.
Bu bo‘yicha ma’lumotlar Federal havo transporti agentligi (Rosaviatsiya) buyrug‘ida e’lon qilingan.
Unga ko‘ra, yo‘lovchilar va yuklarni xalqaro muntazam havoda tashishni amalga oshirish uchun tashuvchilarga ilgari berilgan ruxsatnoma shartlariga hamda doimiy ruxsatnomaga uning amal qilish muddatini olib tashlash orqali o‘zgartirish kiritish belgilangan buyruqda.
Shuningdek, hujjatda 2023−2024 yillar qish mavsumida Chelyabinskdan Toshkentga parvozlar chastotasini oshirish qayd etilgan.
Xususan, “Red Wings” haftasiga to‘rt marta, “Ural Airlines” esa uch marta aviaqatnovlarni amalga oshiradi.
Aviakompaniyalar haqida
“Red Wings” aviakompaniyasi — Rossiyaning eng yirik o‘nta aviakompaniyalaridan biri bo‘lib, doimiy va charter reyslarda yo‘lovchi tashishga ixtisoslashgan.
2021-yilning oktabrida kompaniyaning Yekaterinburgdan Samarqand, Buxoro va Navoiyga parvozlarni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgandi. Noyabrdan kompaniyaning Rostovdan Toshkentga parvozlarni amalga oshirishi ma’lum qilindi.
O‘sha yilning dekabriga kelib, aviakompaniya Maxachqal’adan Navoiyga, 2022-yilning fevral oyida Yekaterinburgdan Urganch hamda Samarqandga parvozlarni boshlashi xabar berildi.
Shuningdek, o‘tgan yilning oktabriga kelib, aviakompaniyaning Toshkentdan Stavropol va Ufaga parvozlarni yo‘lga qo‘yishi ma’lum bo‘ldi.
Noyanr oyida Surgutdan Toshkentga haftasiga 5 martagacha parvoz qilishni rejalashtirgan “Red Wings” aviakompaniyasiga ruxsat berilmagandi.
Shu qatorda, 2022-yili “Ural Airlines"ga Nijnevartovskdan Farg‘ona, Buxoro, Urganch, Navoiy, Namanganga qish mavsumi tugagungacha, Samarqandga esa yoz mavsumi oxirigacha haftasiga yettitagacha reysni amalga oshirishga ruxsat berilgandi.
Joriy yilning fevraliga kelib, “Ural Airlines” Yekaterinburgdan O‘zbekistonning oltita shahriga parvozlarni yo‘lga qo‘yishga ruxsat oldi. Unda aviakompaniya joriy yilning yozida Qarshi, Farg‘ona, Nukus, Navoiy, Urganch hamda Buxoroga qatnovni amalga oshirishi belgilangandi.
“Ural Airlines” Sverdlovsk Koltsovo aeroporti bazasida 1943-yilda tashkil etilgan. Mazkur bredn 1993-yildan beri mavjud bo‘lib, 2006-yilga kelib aviakompaniya 1 mlndan ortiq yo‘lovchini tashigan.