Shohjahon Ahadov 1999-yil Buxoroda tug‘ilgan. Hozirda Moskvadagi Oliy iqtisodiyot maktabining magistratura bosqichida ta’lim olmoqda. U bundan avval Buxoro davlat universitetida bakalavr bosqichini, Vengriyaning Pecs universitetida magistratura bosqichini tamomlagan.

Ingliz, rus, turk tillarini yaxshi o‘zlashtirgan Shohjahon magistratura bosqichi uchun Vengriyaning “Stipendium Hungaricum “, Polshaning “Stefan Banach “, Hindistonning “Study in India” va Rossiyaning “Open doors” grantlarini yutgan.

Bundan tashqari Polsha hukumatining Yosh akademiklar granti orqali bir yillik stajirovka dasturini ham qo‘lga kiritgan. Shohjahon “Spot” bilan suhbatda chet el grantlarini qanday qo‘lga kiritish, bunda nimalarga ko‘proq ahamiyat berish va qanday hujjatlar talab qilinishi haqidagi savollarga batafsil so‘zlab berdi.


Nima uchun aynan Vengriya?

2020-yilning mayida Tarix va manbashunoslik bo‘yicha bakalavr talabalari o‘rtasida o‘tkazilgan respublika olimpiadasida 3-o‘rinni egallaganman. Bu menga O‘zbekistondagi xohlagan universitetning magistraturasida grant asosida o‘qishimga imkoniyat berardi. Ammo men buni rad qilib, Polshaga stajirovkaga ketdim.

Stajirovka davrida Vengriyaning “Stipendium-Hungaricum” dasturi bo‘yicha grantga hujjat topshirganman. Asosan rivojlanayotgan davlat talabalariga taqdim etiladigan ushbu grant dasturi bakalavr, magistratura, doktorantura va venger tilini o‘rganmoqchi bo‘lganlarga beriladi.

Men bu dastur orqali magistraturaga qabul qilinganman va 2021−2023 yillar oralig‘ida Vengriyadagi Pecs universitetida Xalqaro munosabatlar yo‘nalishida ingliz tilida tahsil olganman. Rus, ingliz, turk tillarini yaxshi bilaman. Hozirda esa mustaqil ravishda nemis tilini ham o‘rganyapman.

Vengriya bizga va umuman turkiy davlatlarga kelib chiqishi yaqin davlat deb hisoblaganim uchun ham tanlaganman va bu mamlakatga borib ko‘rish, tilini, madaniyatini o‘rganish men uchun judayam qiziq bo‘lgan.

vengriya, xorijda ta'lim

Foto: Shohjahon Ahadovning shaxsiy arxividan

Boshqa jihatdan o‘zim tarixchi bo‘lganligim sababli va asosan G‘arbiy Yevropa tarixini ko‘proq o‘qiganligimiz uchun Sharqiy va Markaziy Yevropa davlatlari bizga unchalik ma’lum emasdi. Shu sababdan ham menga Markaziy Yevropani ko‘rish, madaniyati bilan tanishish, tahsil olish o‘zgacha orzu bo‘lgan va bu yerda joylashgan Vengriya hukumatining aynan shu granti maqsadimga yetishtiradigan yo‘l deb hisoblaganman.

Bundan tashqari, Britaniya va Fransiya kabi mamlakatlarga borish, grant yutish biroz murakkab, to‘liq grant yutish uchun katta raqobatdan o‘tish kerak bo‘ladi. Vengriyada yashash xarajatlari G‘arbiy Yevropaga qaraganda, masalan, Niderlandiya, Fransiya yoki Germaniyaga nisbatan ancha arzonroq.

Ko‘plab Britaniya yoki Fransiyadagi grantlar sizni o‘qish to‘lovidan ozod qilsa ham, yashash va yotoqxona uchun xarajatlarni qoplab bermaydi. Vengriyaning bu grant dasturi esa kontrakt to‘lashdan ozod qiladi va yotoqxona, tibbiy sug‘urta, viza xarajatlarini ham qoplab beradi, yana oylik stipendiya beriladi.

Ta’lim tizimi

Yevropa ittifoqi davlatlari yagona Boloniya ta’lim tizimiga o‘tgan. Bu tizim avval bakalavr, keyin magistratura va doktoranturaga asoslangan. Vengriya ham shu tizimda. Bundan tashqari u Yevropa ittifoqidagi moliyalashtiriladigan ta’lim dasturlariga a’zo. Xususan, “Erasmus"ga ham.

Yevropa ittifoqining Niderlandiya, Shvetsiya, Daniya kabi davlatlaridan ko‘plab talabalar “Erasmus"da qatnashish uchun Vengriyaga kelib bir semestr yoki ikki semestr mobaynida tahsil olishadi. Bu yerda sizga jismoniy holatingiz, ulgurishingizdan kelib chiqib o‘quv bo‘yicha yuklama beriladi.

O‘qituvchilar darslarda davomat, har kuni o‘qib kelishingiz va faol bo‘lishingizga katta e’tibor bermaydi. Ular har oyda bo‘ladigan testlar va semestr oxiridagi imtihonlarda talabaning qanchalik o‘zlashtirganligiga qaraydi.

Ammo darslarda qatnashish va faol bo‘lish ham talabaga biroz ustunlik beradi. Vengriyadagi ta’limda yana shunday narsa borki, agar siz olgan bahoyingizdan qoniqmasangiz uch martagacha qayta topshirib, urinib ko‘rishingiz mumkin bo‘ladi.

Yevropa ittifoqiga a’zo qaysidir davlatda o‘qib chiqsangiz shunga a’zo bo‘lgan va ittifoq davlatlarining diplomi o‘tadigan xohlagan mamlakatda ishga kira olasiz.

vengriya, xorijda ta'lim

Foto: shaxsiy arxiv

Talabalarga ishlash mumkinmi?

Vengriyada ko‘plab talabalar darsdan so‘ng ishlaydi. Afrika davlatlaridan kelganlar yaxshi daromad qilishga, uylariga jo‘natishga ham imkon topishardi.

Ko‘pchilik talabalar yetkazib berish xizmatlarida, zavod va fabrikalarda ishlaydi. Biz o‘qigan universitetda chet ellik kompaniyalar tomonidan ochilgan zavodlar bor. Bu yerda talabalardan tashqari mahalliy aholi ham faoliyat yuritadi.

Talabalarga ishlashda venger tilini bilishi ustunlik beradi. Agar mahalliy tilni yaxshi bilsangiz yaxshi joylarda ishlay olasiz. Men u yerda onlayn tarjima bilan shug‘ullanganman.

Vengriya qonunchiligiga ko‘ra, talaba bir haftada 3 kundan va 1 kunda 8 soatdan ortiq ishlashi mumkin emas. Ish haqi soatiga asosan $4−6 ni tashkil etadi. 25 yoshgacha bo‘lgan talabalardan esa hech qanday soliq undirilmaydi.

Viza olish jarayonlari

Kerakli hujjatlar:

  • shaxsni tasdiqlovchi hujjat (pasport va undan nusxa);
  • xorijga chiqish uchun pasport va undan nusxa;
  • 3x4 o‘lchamdagi 5 dona rasm;
  • til sertifikatidan nusxa (IELTS yoki venger tilini bilsangiz undan nusxa);
  • o‘qishga kirganingiz haqidagi qabul xatidan nusxa;
  • yotoqxonada turmoqchi bo‘lsangiz undan ma’lumotnoma, kvartirada turmoqchi bo‘lsangiz kvartira egasi bilan tuzilgan shartnomadan nusxa;
  • tibbiy ma’lumotnoma;
  • bank hisobingizda 1000 yoki 1500$ atrofida pul borligi haqida ma’lumotnoma;
  • grant yutgan bo‘lsangiz shu hujjatdan nusxa.

Vizani chiqishi 1 oy deyilgan, ammo men 1 oydan ko‘proq kutganman. Kech chiqqanligi uchun hattoki tushkunlikka ham tushib qolganman. Boshqalarda bir hafta, 10 kunda chiqqanlari ham bo‘lgan.

Ma’lumot o‘rnida, agar Yevropa ittifoqiga a’zo biron-bir davlatga oldin kirib, qoidabuzarlik qilgan bo‘lsangiz va qaysidir qonunni buzgan bo‘lsangiz viza berilmaydi va yutgan grantingiz kuyib ketadi.

vengriya, xorijda ta'lim

Foto: shaxsiy arxiv

Oylik xarajatlar

Agar talaba grant dasturi doirasida kelsa yotoqxona bilan bepul ta’minlanadi. Kvartirada turmoqchi bo‘lsa, yotoqxonaga beriladigan $120 atrofidagi pul talabaning o‘ziga berilishi mumkin. Bundan tashqari, $125−130 atrofida stipendiya ham beriladi.

Biroq qo‘shimcha ravishda shaxsiy xarajatlar uchun 150−200 yevro atrofida ham pul kerak bo‘ladi. Agar bunga sayohatlar qo‘shilsa bundan ham ko‘proq ketishi mumkin. Yevropa ittifoqida sayohat qilish uchun nisbatan arzon va qimmat davlatlar bor.

Masalan, Shveysariya, Fransiya, Germaniya, Niderlandiya, Norvegiya kabi davlatlarga sayohat qilmoqchi bo‘lgan talabalar 3−4 oy mobaynida pul yig‘ib keyin borishadi. Ammo Ruminiya, Bolgariya, Gretsiya yoki Xorvatiyaga boradigan talabalar unchalik ko‘p xarajat qilishmaydi. Talabaga o‘rtacha hisobda 200 yevro atrofida kerak bo‘ladi.

Grant yutishda katta ustunlik beradigan jihatlar

Grantga hujjat topshirishning asosiy talablaridan biri baholaringizning yaxshi bo‘lishi. Agar bakalavrga kirmoqchi bo‘lsangiz maktabda olgan baholaringiz, magistraturaga ketmoqchi bo‘lsangiz bakalavrdagi baholaringiz a’lo yoki umumiy hisobda 83% dan yuqoriroq bo‘lishi lozim. Bu asosiy qoida hisoblanadi.

Ikkinchisi, qaysi mamlakatga ketmoqchi va qaysi tilda o‘qimoqchi bo‘lsangiz o‘sha tilni yaxshi bilishingiz haqida tasdiqlovchi sertifikat kerak bo‘ladi.

Bundan tashqari, borayotgan mamlakatingizning mahalliy tilini bilishingiz va buni tasdiqlaydigan sertifikatga ega ekanligingiz o‘sha davlat grantini yutishda ustunlik beradi. Grant yutishning yana bir afzal tarafi — o‘z sohangizni yaxshi bilishingiz va unda bir qator yutuqlarga, sertifikatlarga ega ekanligingiz hisoblanadi.

Agar siyosat, tarix, huquq yo‘nalishida o‘qimoqchi bo‘lsangiz bu sohadagi maqolalarni o‘qigan bo‘lishingiz yoki o‘zingiz yozgan bo‘lishingiz, qo‘shimcha konferensiya, tanlovlarda, undan tashqari volontyorlik, til kurslari yoki musobaqalarda qatnashgan bo‘lishingiz ham katta ustunlik beradi.

vengriya, xorijda ta'lim

Foto: shaxsiy arxiv

Men o‘zim 10 dan ziyod O‘zbekiston va chet davlatlardagi onlayn va oflayn konferensiyalarda qatnashganman. O‘zbek va ingliz tillarida 10 dan ortiq maqolalar chop ettirganman va bu menga grant yutishda yordam bergan.

Sizdan so‘raladigan motivatsion xatda bu grant va bu mamlakatda o‘qish sizga nima berishi, nimaga erishmoqchisiz, qanday rejalaringiz bor shularni aniq yozishingiz va grant beruvchilarni hayron qoldirishingiz kerak.

Yana sizga tavsiyanoma (recommendation letter) beradigan o‘qituvchilar va ularning tavsiyalari ham ahamiyatlidir. Men tavsiyanomani Buxoro davlat universiteti fakultet dekani va dekan o‘rinbosaridan olganman.

“Stipendium Hungaricum” granti

Bu dasturga hujjat topshirish noyabr oxiri dekabr boshida boshlanadi va yanvar o‘rtasigacha davom etadi. Vengriyada har bir universitetning o‘z talablari mavjud. Ammo umumiy talablar sog‘lom bo‘lish, IELTS sertifikati bo‘lishi va baholar a’lo bo‘lishi, motivatsion xat yaxshi yozilishi kerak.

Ba’zi universitetlar test bilan, ba’zilari suhbat va yana boshqalari har ikkitasi bilan ham qabul qiladi. Men topshirgan Pecs universitetida ham test, ham suhbat bo‘lgan.

Grantga topshirishning birinchi bosqichida, hujjatlaringizni yuborasiz va ular ko‘rib chiqib O‘zbekiston Oliy ta’lim vazirligiga jo‘natadi va vazirlik sizga tavsiyanoma berishi kerak.

Ikkinchi bosqichda tavsiyanomani olgach hujjatlaringiz siz tanlagan universitetlarga jo‘natiladi va ular o‘zlariga mos deb hisoblashsa, sizni test yoki suhbatga chaqirishadi. Test va suhbatdan o‘tsangiz keyin ular qabul xatini Tempus.com saytiga qo‘yishadi. O‘sha yerda qaysi oliygohga qabul qilinganingiz haqida xabar bo‘ladi.

Agar ikkitasiga ham qabul qilinmasangiz bu grant yo‘q degani, agar biriga qabul qilingan bo‘lsangiz unda javobini kutasiz, grant berilishi ham, berilmasligi ham mumkin. Ikkitasiga qabul qilingan bo‘lsangiz grant berilish ehtimoli yuqori bo‘ladi.

Uchinchi bosqich. Tempus Public Foundation hujjatlaringizni oxirida o‘zi ko‘rib chiqib grant berish yoki bermaslik haqida qaror chiqaradi. So‘ng, tibbiy ko‘rikdan o‘tishingiz bo‘yicha qog‘oz berishadi.

Bunda tibbiy ko‘rikdan o‘tish va hamma hujjatlarni ingliz tiliga tarjima qilish kerak. Insho ham ingliz tilida yoziladi, agar venger tilida o‘qimoqchi bo‘lsangiz venger tilida yozishingiz mumkin.

Grant dasturida Vengriyaga borib joylashganingizdan so‘ng bir yil mobaynida venger tilini o‘qish va majburiy imtihondan o‘tish yuklatilgan. Men bu imtihonda 5 olib o‘tganman. Venger tilini o‘qish majburiy bo‘lgan, agar uni o‘qimasdan o‘taman desangiz va universitetdagi o‘qishga to‘g‘ridan-to‘g‘ri bormoqchi bo‘lsangiz stipendiyadan mahrum qilinasiz.

“Open Doors” granti

Bu grant dasturiga qabul noyabr oxirida boshlanib, dekabr o‘rtasigacha davom etadi. Unda bakalavriat uchun hujjat topshira olmaysiz, grant faqat magistratura va doktoranturaga mavjud.

Birinchi navbatda, “Open doors” saytiga kirib hujjat topshiriladi. Til sertifikati, tanlagan soha, motivatsion xat, tavsiyanoma va yutuqlaringiz inglizcha (rus tilida o‘qimoqchi bo‘lsangiz rus tilida) tarjimasi bilan yuklanadi. Agar hujjatlar o‘tsa, keyingi bosqich — testga jo‘natilasiz.

Ikkinchi bosqich — onlayn test. O‘zbekistonda bo‘lsa joy belgilanadi, agar uzoqda bo‘lsa maxsus dastur orqali onlayn topshiriladi — jarayonni kameralar orqali nazoratchilar ko‘rib turadi.

Testda 26 ta savol bo‘ladi, keyin aniq mavzu bo‘yicha insho yozish kerak. Bunga 2 soat vaqt beriladi. Keyin ikki guruhga ajratilgan holda 1 yoki 1,5 oydan keyin javoblar chiqadi.

1-g‘oliblar. Ularga to‘liq kontrakt qoplanadi, bepul yotoqxona va 3000 rubl stipendiya taqdim qilinadi.

2-yutuq egalari. Ularga faqat kontraktni qoplashda qanchadir miqdorda chegirma beriladi. Boshqa yengillik bo‘lmaydi.

Uchinchi bosqichga o‘tgach, universitetni tanlaysiz va hujjatlaringiz u yerga jo‘natiladi. Ular hujjatlaringizni olgach siz bilan onlayn intervyu tashkil qiladi. Undan ham o‘tsangiz universitetga borib o‘qishingiz mumkin.

vengriya, xorijda ta'lim

Foto: shaxsiy arxiv

“Stefan Banach” grant dasturi

Polshaning bu grant dasturi talablari biroz murakkab. Polyak tili sertifikati bo‘lishi kerak, hech bo‘lmasa A2- B1 darajada. Polshada bir yil stajirovka qilganligim uchun polyak tilini o‘qiganman va menda sertifikat bor edi. Bu men shu grantni yutishim uchun katta rol o‘ynagan deb o‘ylayman.

Dastur faqat 3 haftaga ochiladi. Bunda “Application form” to‘ldirasiz, so‘ragan hujjatlar — universitet diplomi, pasport tarjimalari, baholar, IELTS sertifikati, polyak tili sertifikati va qo‘shimcha yutuqlar, o‘qituvchidan olingan tavsiyanomalar va motivatsion xat yuklanadi. Keyin Polshadagi qaysi universitetga kirganingiz haqidagi hujjatni joylaysiz.

Bu grantning farqi shundaki, avval siz o‘zingiz o‘qimoqchi bo‘lgan universitetni topib, unga hujjat topshirib, qabul qilinishingiz kerak. Undan keyin Polsha hukumatining shu grant dasturi ochilishini kutasiz va ochilganida yuqoridagi barcha hujjatlarni yuklaysiz.

Bu grant dasturi ham oson, ham qiyin. Osonligi polyak tilini bilsangiz hammasi tez amalga oshadi, qiyin tomoni esa ko‘pchilik polyak tilini bilmaydi.

“Study in India” granti

Bu grant dasturi yanvarda ochilib, shu oyning o‘zida yopiladi. Ishni universitet tanlab, unga hujjat topshirishdan boshlanadi. Bunda ham universitet, ham grant dasturi baravar hujjatlaringizni ko‘rib chiqadi.

Hujjat topshirishda til sertifikati, diplom, baholar, motivatsion xat, yutuqlar va ularni inglizcha tarjimalari, tavsiyanomalar kerak bo‘ladi.

Grantning farqi, siz kontraktdan ozod qilinasiz, yotoqxona va oziq-ovqat bepul bo‘ladi, lekin hech kim qo‘lingizga pul bermaydi.

Bundan tashqari, arzon universitetga topshirgan bo‘lsangiz kontrakt pulini to‘lamaysiz. Agar kontrakt puli qimmatroq bo‘lsa ajratilgan grant qoplaganidan qolganini to‘lashingizga ham to‘g‘ri kelishi mumkin. Bu universitetlarga bog‘liq.

Men kirgan universitet 1000talikda emas edi. Shuning uchun bu grant dasturini qabul qilmaganman. Ammo eng osoni shu grant dasturi bo‘lgan, chunki hech qanday tibbiy ma’lumotnoma va boshqa imtihonlar yo‘q.