Joriy yilning iyul oyida kollej va texnikumlarda o‘qish istagidagi xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qaror loyihasi muhokamaga qo‘yilgandi.

Loyiha bilan, beshta soha bo‘yicha o‘qish istagida bo‘lgan xotin-qizlar to‘liq davlat granti asosida ta’lim olishlari belgilangandi. Oradan ikki oy o‘tib, bu bo‘yicha hukumat qarori qabul qilindi.

Unga ko‘ra, 2023−2024 o‘quv yilidan kollej va texnikumlarga qurilish, transport, kommunal, qishloq xo‘jaligi va xizmat ko‘rsatish sohalaridagi kasb (mutaxassislik) egallash istagida bo‘lgan xotin-qizlar davlat granti asosida ta’lim olishadi. Ularning xarajatlari to‘liq budjet mablag‘lari hisobidan qoplanadi.

Qaror bilan, kollej va texnikumlarda yuqoridagi mutaxassisliklar bo‘yicha ta’lim olayotgan xotin-qizlarning to‘liq davlat granti asosida ta’lim olish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Unga ko‘ra, kollej va texnikumlarga o‘qishga qabul qilingan xotin-qizlar uchun talab etiladigan davlat granti mablag‘lari respublika budjetidan budjet mablag‘larini taqsimlovchi sifatida tizimida kollej va texnikumlar bo‘lgan tegishli vazirlik va idoralarga ajratiladi.

Kollej va texnikumlarga tegishli yo‘nalishlar bo‘yicha to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilingan xotin-qizlar o‘quv yilining 10-oktabrigacha ushbu kollej yoki texnikum direktori nomiga davlat granti asosida o‘qish uchun ariza bilan murojaat qiladi.

Arizalar taalluqliligi bo‘yicha kollej va texnikumlar tomonidan 3 ish kunida ko‘rib chiqiladi hamda umumlashtirilgan holda, hududlardagi oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar boshqarmalariga taqdim etiladi.

Hududiy bo‘linmalar har yili 15-oktabrgacha umumlashtirilgan ma’lumotlarni ko‘rib chiqadi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligiga yuboradi.

Vazirlik har yili 20-oktabrgacha umumlashtirilgan ma’lumotlar asosida davlat granti asosida o‘qish uchun ariza bilan murojaat qilgan xotin-qizlar ro‘yxatini taalluqliligi bo‘yicha tizimida kollej va texnikumlar bo‘lgan vazirlik va idoralarga taqdim etadi.

Shu bilan birga, vazirlik va idoralar mazkur ro‘yxat asosida xotin-qizlarning davlat granti asosida ta’lim olishlari uchun zarur mablag‘ ajratish yuzasidan har yili 25-oktabrgacha Iqtisodiyot va moliya vazirligiga murojaat qiladi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi 5 ish kuni ichida tegishli mablag‘larni mazkur vazirlik va idoralarga ajratadi.

Kollej va texnikumlar direktorlari 2023−2024 o‘quv yilidan davlat granti asosida ta’lim oladigan xotin-qizlar uchun budjetdan ajratiladigan mablag‘larning maqsadli va samarali sarflanishi uchun shaxsan javobgar hisoblanadi.

Bundan tashqari, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligiga tizimida kollej va texnikumlar bo‘lgan vazirliklar va idoralar bilan birgalikda umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarining 10 va 11-sinf bitiruvchilari o‘rtasida kasbga yo‘naltirish ishlarini doimiy ravishda tashkil etib borish vazifasi yuklatilgan.

Qonun loyihasida 3 yoshgacha farzandi bo‘lgan kollej va texnikumlar o‘quvchi-qizlariga masofaviy ta’lim olish imkoniyati yaratiladigan kasb va mutaxassisliklar ro‘yxati tasdiqlanishi belgilandi.

Bunda kollej va texnikumlarga qurilish, transport, kommunal, qishloq xo‘jaligi va xizmat ko‘rsatish sohalaridagi kasb va mutaxassisliklarda ta’lim oladogan o‘quvchi-qizlar murojaati asosida masofaviy ta’lim olishga ruxsat berilishi nazarda tutilgan.


Avvalroq 2023−2024 o‘quv yilidan bakalavriat, magistratura va klinik ordinatura bosqichlari talabalarining nazariy hamda amaliy bilim-ko‘nikmalari inson omilisiz, maxsus robot-simulyatorlar orqali baholanishi ma’lum qilingandi.