Markaziy bank “AVO bank"ka (sobiq “O‘zagroeksportbank”) ayrim operatsiyalarni amalga oshirishga cheklov qo‘ydi. Bu haqda regulyator matbuot xizmati xabar berdi.

Bunga bankning ustav kapitali miqdori qonunchilik talablariga muvofiqlashtirilmagani sabab ekani qayd etilgan. Bugungi kun holatiga bankning ustav kapitali 105 mlrd so‘mni tashkil etgan.

“Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida"gi qonun bilan, bank ustav kapitalining eng kam miqdori joriy yilning 1-sentabridan 200 mlrd so‘mni tashkil etishi belgilangan.

Banklar va bank faoliyati to‘g‘risidagi qonunchilikka muvofiq, Markaziy bank nazorati qo‘mitasi qaroriga asosan bankka nisbatan kreditlash va boshqa xarajatlarni moliyalashtirish hamda depozit operatsiyalarini amalga oshirish taqiqlandi.

Tegishli qonun bilan banklarning ustav kapitalining eng kam miqdori quyidagi tartibda oshirib boriladi:

  • 2023 yil 1-sentabrgacha 100 mlrd so‘mni;
  • 2023-yil 1-sentabrdan 200 mlrd so‘mni;
  • 2024-yil 1-apreldan 350 mlrd so‘mni;
  • 2025-yildan 500 mlrd so‘mni tashkil etadi.

Avgust oyida “O‘zagroeksportbank” o‘z nomini “AVO bank"ga o‘zgartirishni rejalashtirayotgani ma’lum qilingandi. Shuningdek, bank aksiyalarining maksimal miqdori har biri 20 so‘mdan 200 mlrd donagacha oshirilishi belgilangandi.


Joriy yilning mart oyida sud “Turkiston Bank” hamda “Hi-Tech Bank“ni bankrot deb topdi. Regulyator qaroriga ko‘ra, banklarning tugatish komissiyasi o‘z faoliyatini yakunladi. 2022-yilning oktabr oyida Markaziy bank mazkur banklar litsenziyasini qaytarib olgandi.

Bundan tashqari, 5-sentabr kuni O‘zbekistondagi to‘lov tashkilotlari xalqaro pul o‘tkazmalarini to‘xtatib qo‘yishdi. Bu Markaziy bankning topshirig‘iga ko‘ra amalga oshirilgani ta’kidlandi.

Shu kuni regulyator to‘lov tashkilotlariga o‘rnatilayotgan cheklovlar bo‘yicha izoh berdi. Unga ko‘ra, to‘lov tashkilotlarining transchegaraviy va davlatlararo tranzit tashkiloti sifatidagi operatsiyalarda ishtirok etishlari qonunchilikka muvofiq emas.