Joriy yilning 1-oktabridan Qozog‘iston Rossiya gazining O‘zbekistonga tranzitini amalga oshirishi belgilangandi.

Biroq, mamlakat gaz yetkazib berishni oktabr oyi oxiridan boshlashini ma’lum qildi. Bu haqda Energetika vaziri Almasadam Satkaliyevga tayanib, “Vlast.kz” sayti xabar berdi.

Vazir o‘tkazilgan brifingda gaz quvurida ta’mirlash ishlari hali ham davom etayotganini hamda Qozog‘istonga hali zarur ariza kelib tushmaganini ta’kidlagan.

“Hozirda Qozog‘iston hududida qurilish ishlari bilan bog‘liq jarayonlar yakunlanib, gazni hisobga olish uchun alohida liniya ajratilgan. Rejaga muvofiq, oktabr oyi oxirigacha ishlar yakunlanishi kerak”, — dedi Satkaliyev.

U 1 -oktabrdan tranzit boshlanishi rejalashtirganligi haqidagi savolga javob berar ekan, ta’mirlash ishlari yakunlanayotganini qayd etdi.

“Mazkur tranzitni ta’minlash imkoniyati bilan bog‘liq foydalanishga topshirish masalalari olib borilmoqda. Shu sabab, bu jarayonni yakunlashimiz bilanoq tegishli bayonot beramiz”, — dedi Almasadam Satkaliyev

Uning qo‘shimcha qilishicha, gaz hajmlari borasida hali ham kelishuv jarayoni kechmoqda va ariza kelib tushishi bilan Qozog‘iston ularni e’lon qilishi mumkin.

Sentabr oyi oxirida Energetika vazirligi matbuot kotibi Hasan Toshxo‘jayev gaz tranziti uchun infratuzilma va gaz quvurlari yuqori bosimli gazni qabul qilishga tayyor ekanini bildirgandi.

Gaz oldi-sotdisiga oid shartnoma “UzGastrade” va “Gazprom eksport” o‘rtasida 2 yil muddatga tuzilgan bo‘lib, kuniga 9 mln kubometr tabiiy gazni import qilish boshlanishi, yillik hajmda esa qariyb 2,8 mlrd kubometrni tashkil etishi belgilangan.

Avgust oyida Qozog‘iston O‘zbekistonga 10 mlrd kubometrgacha gaz yetkazib berishi mumkinligi haqida ma’lum qilindi. Biroq, gaz tranziti hajmi O‘zbekiston energetika tizimi va “Gazprom"ning tayyorligiga bog‘liq ekanligi ta’kidlangan.

Avvalroq Turkmaniston “gaz ittifoqi"ning Rossiya, O‘zbekiston va Qozog‘iston ishtirokida kengayishi mumkinligi haqidagi xabarlardan xavotir bildirgandi.

Bunga javoban esa Qozog‘iston Energetika vazirligi Rossiya va O‘zbekiston tomonidan gaz bo‘yicha hamkorlikni kengaytirish borasida rasmiy takliflar bo‘lmaganini ma’lum qildi.

Uch tomonlama hamkorlik

2022-yil noyabrida Rossiyaning O‘zbekiston va Qozog‘iston bilan “gaz ittifoqi"ni tuzish taklifi ma’lum bo‘ldi. Ommaviy axborot vositalari uning maqsadlari qatorida gaz tranziti va uni boshqa bozorlarga, xususan, Xitoyga yetkazib berishni muvofiqlashtirishi bo‘yicha yozdi.

O‘tgan yilning dekabr oyi oxirida Aleksandr Novak Markaziy Osiyoga gaz yetkazib berish bo‘yicha muzokaralar davom etishini ma’lum qilgandi. Yanvar oyiga kelib, O‘zbekiston “Gazprom” bilan hamkorlik qilish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi"ni imzoladi.

Shundan so‘ng, Energetika vazirligi bu bo‘yicha izoh berib, tomonlar o‘rtasida tuzilgan Ishchi guruh Qozog‘iston va O‘zbekiston hududidan o‘tuvchi “O‘rta Osiyo — Markaz” gaz quvuri orqali gaz tranzitini amalga oshirish uchun zarur bo‘ladigan texnik chora-tadbirlarga va o‘rganishga kelishib olingani hamda gaz transport tizimi kimgadir berilishi yoki suverenitetga qandaydir tahdid yo‘qligi qayd etildi.

Fevral oyida “Gazprom” bilan hamkorlikning navbatdagi bosqichini tezlashtirish bo‘yicha kelishuv amalga oshirilgandi.

Aprel oyi oxirida Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamaxmudov Rossiyadan O‘zbekistonga gaz “Markaziy Osiyo-Markaz” gaz quvuri orqali yetkazilishi rejalashtirilganini ma’lum qildi.

May oyida Qozog‘iston hukumati Rossiya gazining o‘z hududi orqali O‘zbekistonga tranzitini amalga oshirish masalasini muhokama qilayotgani xabar qilindi. Iyun oyida Rossiya gazini Qozog‘iston orqali O‘zbekistonga eksport qilish to‘rtinchi chorakda boshlanishi ma’lum qilingandi.

Iyul oyida Qozog‘istonning “QazaqGaz” kompaniyasi Rossiya gazini tashish oktabrdan boshlanishi rejalashtirilayotganini bildirdi.