Tegishli qarorlariga muvofiq, Mayning faoliyatini amalga oshirish uchun ruxsatnoma berish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. Bu haqda Istiqbolli loyihalar milliy agentligi xabar bermoqda.

Mazkur hujjat quyidagilarni nazarda tutadi:

  • asosiy tushunchalar va ta’riflar;
  • ruxsat berish talablari va shartlari;
  • ruxsatnoma olish uchun taqdim etiladigan hujjatlar;
  • ruxsatnoma berish yoki ruxsatnoma berishni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qilish;
  • ruxsatnomani qayta rasmiylashtirish, unga o‘zgartirish kiritish va uning amal qilish muddatini uzaytirish hamda ruxsatnomaning amal qilishini to‘xtatib turish, tugatish va bekor qilish tartibi;
  • ruxsat berish talablari va shartlariga rioya etilishini nazorat qilish.

Nizomda mayning faqat yuridik shaxs tomonidan quyosh fotoelektr stansiyalari orqali ishlab chiqarilgan elektr energiyasidan foydalangan holda amalga oshirilishi, maynerlar iste’mol qilingan elektr energiyasini hisobga olish uskunasini o‘rnatib, qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda yagona elektr energetika tizimiga ulanishi mumkinligi belgilangan.

Mayning uchun yagona elektr energetika tizimiga ulangan holda elektr energiyadan foydalanilgan taqdirda:

  • iste’mol qilingan elektr energiyasi uchun to‘lovlar belgilangan tarifga nisbatan 2 barobar o‘suvchi koeffitsiyentga muvofiq to‘lanadi;
  • tig‘iz davrda iste’mol qilingan elektr energiya uchun tegishli tariflarga Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan ustamalar qo‘llaniladi.

Istiqbolli loyihalar milliy agentligi rahbari tomonidan tasdiqlangan ekspert komissiyasi taqdim etilgan arizani 15 kunda ko‘rib chiqadi hamda ruxsatnoma berish yoki berishni rad etish to‘g‘risida xulosa tayyorlaydi.

Vakolatli organ ekspert komissiyasining xulosasi asosida 5 kun ichida ruxsatnoma berish yoki berishni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qiladi.

Ruxsatnoma vakolatli organ tomonidan qaror qabul qilingan kundan boshlab bir kun ichida QR-kod (matrik shtrixli kod) qo‘yilgan holda elektron hujjat tarzida rasmiylashtiriladi.

Arizani ko‘rib chiqish hamda ruxsatnoma rasmiylashtirish uchun yig‘im undirilmaydi va ruxsatnoma 5 yil muddatga beriladi.

Bundan tashqari, maynerlarga mayning jarayonida olingan kripto-aktivlarni O‘zbekiston hududida kripto-aktivlar aylanmasi sohasida xizmat ko‘rsatuvchi provayderlar faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziyaga ega kripto-birjalarda sotish imkoniyati beriladi.

O‘zbekiston hududida yashirin mayningni, anonim kripto-aktivlar mayningini, ro‘yxatga olingan paytda ko‘rsatilgan manzilga mos kelmaydigan manzilda mayningni amalga oshirish,mayningni ruxsatnomasiz amalga oshirish taqiqlanadi.

Tadbirkorlik subyektlari mayning va xizmat ko‘rsatuvchi provayderlar faoliyatini tashkil etish ruxsat beruvchi hujjat va belgilangan tartibda litsenziya olinganidan keyingina mumkin bo‘ladi.


Avvalroq “Spot” Istiqbolli loyihalar milliy agentligi kapital bozori va sug‘urta xizmatlarida regulyatorga aylanishi haqida yozgandi.

Endilikda kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi xizmatlar provayderlari faoliyatini amalga oshirishga litsenziyalar olish uchun davlat boji miqdori va tartibi agentlik tomonidan belgilanadi.

Shuningdek, mayning faoliyatini amalga oshirish uchun ruxsatnoma ham agentlik tomonidan beriladi