“Nordwind Airlines” aviakompaniyasi Permdan Samarqandga parvozlarni amalga oshiradi. Bu haqda “Kommersant” nashri xabar berdi.

Unga ko‘ra, Federal havo transporti agentligi (Rosaviatsiya) aviakompaniyaga mazkur yo‘nalishda muntazam qatnovlarni amalga oshirish uchun doimiy ruxsatnoma berdi.

Tegishli buyruq agentlik saytida e’lon qilinib, unda 2023−2024-yillar qish mavsumi uchun mazkur yo‘nalish bo‘yicha parvozlar chastotasi ham ko‘rsatilgan.

Xususan, bu davrda aviatashuvchi Permdan Samarqandga haftasiga uch marta reyslarni amalga oshirishi mumkin bo‘ladi.

Oldin “Nordwind Airlines” Perm-Samarqand yo‘nalishi bo‘ylab xizmat ko‘rsatgan va 2022-yilning mart oyida sanksiyalar tufayli barcha xorijiy reyslarni, jumladan, O‘zbekistonga ham parvozlarni to‘xtatdi.

Joriy yil boshida aviakompaniya agentlikdan Permdan Samarqandga uchish uchun yana ruxsat so‘radi. Bundan tashqari, Perm-Farg‘ona yo‘nalishida haftasiga uchta reysni amalga oshirishni rejalashtirgandi.


Avvalroq “Red Wings” va “Ural Airlines” aviakompaniyalari Chelyabinskdan Samarqandga muntazam parvozlarni amalga oshirish uchun ruxsatnoma olgandi.