O‘zbekistonliklar “Lukoyl” kompaniyasiga ishga jalb qilinadi. Bu haqda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Bu bo‘yicha, vazir Behzod Musayev Rossiya kompaniyasi vitse-prezidentlari Stepan Gurjiy va Anatoliy Moskalenko hamda “Lukoyl Uzbekistan” kompaniyasi bosh direktori Timur Gaynanshin bilan uchrashdi.
O‘zaro muzokaralarda neft-gaz sohasida malakali mutaxassislarni tayyorlash va ularni Rossiyaning “Lukoyl” kompaniyasida smenali ish bilan ta’minlash masalalari muhokama qilindi.
Behzod Musayev kompaniyada ishlash istagini bildirgan fuqarolarning haq-huquqlarini himoya qilish hamda ularni munosib mehnat sharoiti bilan ta’minlash ikki tomonlama kelishuvda bosh mezon bo‘lishini ta’kidladi.
Avvalroq Saudiya Arabistoni kompaniyasi turli sohalar bo‘yicha o‘zbekistonliklarni ishga jalb qilishi haqida xabar berilgandi.
“International Recruitment Company” arab yoki ingliz tilini biladigan oshpazlar, avtobus va yuk mashinalari haydovchilari, tibbiyot xodimlari va boshqa soha mutaxassislarini jalb etishga tayyorligini bildirdi.
Shuningdek, hozir o‘zbekistonliklar Buyuk Britaniyaga ishga taklif qilinmoqda. Barcha xarajatlar ish beruvchi hisobidan qoplab berilib, yiliga $31,1 ming miqdorida ish haqi ajratiladi.