“Alabuga” kompaniyasi Buxoro viloyatida maxsus iqtisodiy zona (EIZ) tashkil etish niyatida. Bu haqda kompaniya direktori o‘rinbosari Artur Ayupovga tayanib, “TASS” xabar berdi.

Shavkat Mirziyoyev 5-oktabr kuni Rossiyaga rasmiy tashrifi doirasida Qozonda “Alabuga” kompaniyasi tomonidan tayyorlangan Buxoroda EIZ tashkil etish loyihasi taqdimoti bilan tanishdi.

“Prezident juda ham qiziqdi va boshqaruv kompaniyasini tashkil etish va uni „Alabuga“ boshqaruv kompaniyasi boshqarishi haqida ko‘rsatmalar berdi. Mazkur loyihani amalga oshirish uchun bizga to‘liq kart-blansh berildi”, — deydi Ayupov.

“Alabuga” direktori o‘rinbosarining so‘zlariga ko‘ra, EIZ faoliyatining dastlabki ikki-uch yilida 20ga yaqin rezident jalb qilinadi va va O‘zbekiston hukumati tomonidan EIZning birinchi bosqichi qurilishiga $60 mln sarmoya kiritiladi. Shuningdek, loyiha natijasida 3,6 ming ish o‘rni yaratiladi.

“O‘ylaymanki, O‘zbekistonda o‘zlarining ishlab chiqarish quvvatlarini joylashtirishdan manfaatdor rossiyalik rezidentlar „Alabuga“ tomonidan yaratilgan maydonchaga kelishdan mamnun bo‘lishadi”, — dedi u.

Bundan tashqari, Ayupov Buxoroda EIZ qurilishi O‘zbekistonda me’yoriy hujjatlar qabul qilingandan keyin keyingi yilning boshida boshlanishi mumkin.


Avvalroq Rossiya Navoiy va Buxoroda texnoparklar yaratishni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgandi.