Shavkat Mirziyoyev Rossiyaga rasmiy tashrif doirasida Qozon shahrida Tatariston raisi Rustam Minnixanov bilan uchrashuvdi.
O‘zbekiston yetakchisi keyingi yillarda o‘zaro hamkorlikda yuqori natijalarga erishilganini qayd etib, savdo va investitsiyalar hajmi oshib borayotganini ta’kidladi.
Toshkent viloyatida “Chirchiq” kimyo-industrial texnoparki muvaffaqiyatli faoliyat olib bormoqda, Jizzax viloyatida texnopark qurilishi davom etmoqda. Kimyo tarmog‘i va mashinasozlikda yirik kooperatsiya loyihalari amalga oshirilmoqda. Jizzax shahrida Qozon federal universitetining filiali ishlamoqda.
Qozonda o‘tgan uchinchi O‘zbekiston-Rossiya hududlararo hamkorlik forumining yakunlari, jumladan, O‘zbekiston hududlarida Rossiyaning “Alabuga” va “Master” texnoparklari bilan yangi sanoat parklarini tashkil etish bo‘yicha erishilgan kelishuvlar qayd etildi.
Metallarga ishlov berish, axborot-kommunikatsiya, uy-joy kommunal soahalarida istiqbolli kooperatsiya loyihalarini amalga oshirish, ta’lim, turizm va yoshlarga oid siyosatda hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida muhim yo‘nalishlar bo‘yicha amaliy sheriklik loyihalarini qo‘shma “yo‘l xarita"lari asosida ilgari surishga kelishib olindi.
Avvalroq Tatariston sanoat va ishlab chiqaruvchilar uyushmasi bilan charm-poyabzal sohasida hamkorlik aloqalarini kengaytirish, Tatariston kapitali asosida yangi korxonalarni barpo etish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazilgani haqida xabar berilgandi.