O‘zbekiston va Rossiya qo‘shma strategik rivojlanish markazini tashkil etish niyatida. Bu haqda Rossiya iqtisodiy rivojlanish vaziri o‘rinbosari Dmitriy Volvachga tayanib, “TASS” nashri xabar bermoqda.
Dmitriy Volvach yangi tashabbus haqida Qozonda o‘tkazilgan O‘zbekiston-Rossiya va Rossiya-O‘zbekiston ishbilarmonlar kengashlari yig‘ilishida ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday markazning ochilishi ikki tomonlama sarmoyaviy va savdo aloqalarini rivojlantirishga xizmat qiladi.
“O‘ylaymanki, yaqin kelajakda, balki hukumatlararo komissiya doirasida biz mazkur markazni shakllantirish, uni qonuniy rasmiylashtirish va kelasi yildan foydalanishga topshirish imkonini beradigan hujjatlar, memorandumni imzolaymiz”. — dedi Volvach.
Shuningdek, vazir o‘rinbosari Rossiya hukumati boshqa davlatlar bilan ham shunday markazlar yaratish amaliyotiga ega ekanini qayd etdi. Ular “kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish uchun eng yaxshi investitsiya amaliyotini tatbiq etish” uchun loyiha ofislari sifatida ishlaydi.
Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi mintaqalararo hamkorlik forumi doirasida ishbilarmonlar kengashlari yig‘ilishi o‘tkazildi. Tadbirda Volvach O‘zbekistonda Tataristonning “Kama” kompaniyasining “Atom” elektromobilini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish rejalari haqida gapirdi.
Avvalroq Rossiya Navoiy va Buxoroda texnoparklar yaratishni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgandi. Shuningdek, Samarqand va Buxoroda ikkita sanoat parkini qurish belgilangan.