O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi tashqi savdo to‘lovlarining yarmidan ko‘pi milliy valyutada amalga oshiriladi. Bu haqda Rossiya iqtisodiy rivojlanish vaziri o‘rinbosari Dmitriy Volvachga tayanib, “TASS” nashri xabar berdi.
Joriy yilning 4-oktabr kuni ikki davlat ishbilarmonlar kengashlarining qo‘shma yig‘ilishida Volvach tashqi savdo operatsiyalarida milliy valyutalar ulushi oshganini ma’lum qildi.
“O‘sib borayotgan eksport va import hisob-kitob mexanizmlari bilan yaxshi qo‘llab-quvvatlanishi kerak. Ishonchimiz komilki, aynan milliy valyutalardagi hisob-kitoblar, milliy, uchinchi shaxslardan holi, moliyaviy hisob-kitoblar tizimi mavjud bo‘lishi kerak. Biz esa uni O‘zbekistondan kelgan hamkasblarimiz bilan quryapmiz”, — dedi u.
Uning so‘zlariga ko‘ra, yilning birinchi yarmida milliy valyutalarda hisob-kitoblar ulushi 55%ga yetgan, ilgari bu ko‘rsatkich atigi 45%ni tashkil etgan.
Shuningdek, Volvach yil boshidan buyon o‘zaro savdo hajmining o‘sishiga e’tibor qaratdi.
“Joriy yilning yetti oyi davomida tovar ayirboshlash hajmi o‘tgan yilgi chempionlik darajasidan keyin qo‘shimcha 14,5%ga o‘sdi. Ammo jismoniy hajmlarni oladigan bo‘lsak, bizning jismoniy hajmlarimiz qariyb 40%ga o‘sgan, eksport ham, import ham ko‘paygan”, — dedi Rossiya rasmiysi.
Xususan, O‘zbekiston Rossiyaga to‘qimachilik mahsulotlari eksportini 25%ga, oziq-ovqat mahsulotlarini esa 35%ga oshirdi. Bundan tashqari, mamlakat avtomobillari va avtotransport vositalarini yetkazib berish hajmi ortib bormoqda.
O‘z navbatida, Rossiya O‘zbekistonga mineral mahsulotlar eksportini 61%ga, oziq-ovqat mahsulotlarini qariyb 5%ga, kimyo mahsulotlari eksportini 20%dan ko‘proqqa oshirdi. Bundan tashqari, metall va yog‘och ta’minoti barqaror darajada qolmoqda, deya qo‘shimcha qildi Volvach.